YeCHL: Bugun ikkinchi tur uchrashuvlariga start beriladi
Futbol muxlislari intiqib kutayotgan Yevropa chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichi 2-tur uchrashuvlari bugun start oladi.
Ikkinchi tur doirasida Qozog‘istonning «Qayrat» klubi o‘z maydonida «Real Madrid»ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv mamlakatimiz vaqti bilan soat 21:45 da boshlanadi. Shu vaqtda yana bir bahs — «Atalanta» hamda «Bryugge» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ham bo‘lib o‘tadi.

Qolgan bellashuvlar soat 23:59 da start oladi. Unda «Atletiko Madrid» – «Ayntraxt Frankfurt», «Chelsi» – «Benfika», «Inter» – «Slaviya Praga», «Budyo-Glimt» – «Tottenxem Xotspur», «Galatasaray» – «Liverpul», «Marsel» – «Ayaks» va «Pafos» – «Bavariya» o‘yinlari tashkil etiladi.
Ertaga, 1 oktyabr kuni «Qarabog‘» – «Kopengagen» hamda «Yunion Sen-Jiluaz» – «Nyukasl Yunayted» uchrashuvlari soat 21:45 da boshlanadi. Tunda esa «Arsenal» – «Olimpiakos», «Monako» – «Manchester Siti», «Bayer Leverkuzen» – «PSV Eyndxoven», «Borussiya Dortmund» – «Atletik Bilbao», «Barselona» – «PSJ», «Napoli» – «Sporting» hamda «Vilyarreal» – «Yuventus» bahslari bo‘lib o‘tadi.
Darvoqe, bu turning markaziy uchrashuvi shubhasiz «Barselona» – «PSJ» o‘yini. Biroq, «Chelsi» – «Benfika» bahsi ham qolgan o‘yinlarga nisbatan alohida qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA