Yaxshi kunlar albatta keladi, bunga ishoning!
Bu bilan xalqimiz yaxshilikni hech qachon unutmasligi, ogʻir kunlarda qilingan xayrli ishlar hech kimning esidan chiqmasligi yana bir karra oʻz isbotini topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yili dunyo miqyosida keng nishonlanadigan sana – Gʻalabaning 75 yillik bayramiga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak darajada oʻtkazish maqsadida 2019-yil 23-oktyabrda “Ikkinchi jahon urishida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida” qabul qilgan qarori mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqeadir.
Mazkur qarorda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, mehnat fronti faxriylarini, shuningdek, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolarini har tomonlama ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish va boshqa muhim tadbirlar belgilandi.
Bu bilan xalqimiz yaxshilikni hech qachon unutmasligi, ogʻir kunlarda qilingan xayrli ishlar hech kimning esidan chiqmasligi yana bir karra oʻz isbotini topdi.
Prezident qarori bilan tanishar ekanman, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi rahmatli otam Qoʻziboy Rahimovning gaplari yodimga tushaveradi: “Urush balosidan asrasin. Biz urushni koʻrdik, sizlar koʻrmanglar”.
XX asrda insoniyat boshiga ogʻir kulfat keltirgan bu balo, sobiq ittifoqning 20 milliondan ortiq aholisining yostigʻini quritgan. Bu esa xalqimiz fashizm ustidan qozonga gʻalaba juda qimmatga tushganligini koʻrsatadi.
Lekin, ota-bobolarimizni va butun xalqimizni yaxshi kunlarga boʻlgan ishonchi erishilgan buyuk gʻalabani taʼminladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugun xalqimiz boshiga ogʻir sinov tushdi. Dunyoning 180 dan ortiq mamlakatini qamrab olgan “Koronavirus balosi” bizni ham chetlab oʻtmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida koronavirus muammosiga toʻxtalib, u bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha xalqimizga murojaat qilgani, bu baloni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan oqibatlari biz oʻylagandan ancha ogʻir ekanligini koʻrsatadi.
Shunday boʻlsa-da, bundan sarosimaga tushmaslik, xalqimizning har doimgidan ham birdamligi yana-da zarur ekanligi taʼkidlandi.
Prezident vaziyat toʻliq nazorat ostida ekanini alohida taʼkidlab, xalqimizga murojaat qilar ekan: “Bu hayotning koʻp ogʻir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini toʻgʻri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi”, deb, xalqimizni sabrli boʻlishga chaqirdi.
Bilasizmi, Abu Homid Gʻazzoliy shunday yozadi, Kimki Allohning gʻazabiga duchor boʻlmaslikni va rahmatiga erishib, jannatiga kirishni istasa, nafsini dunyoviy hoyu-havasdan tiysin va dunyoning qiyinchiliklariga hamda musibatlariga chidab, sabr qilsin!
Bu borada Alloh buyuradi: Alloh musibatlarga chidab sabr qilguvchilarni sevadi (Oli Imron surasi, 146- oyatning soʻngi).
Bundan koʻrinib turibdiki, muqaddas Qurʼoni karimda ham sabr qilguvchilar Allohni sevimli bandalari ekanligi taʼkidlanadi.
Shuningdek, Gʻazzoliyning Mukoshafat-Ul-Qulub asarida “Allohning bir moʻmin bandasi xastalikka mubtalo boʻlgan chogʻida, Alloh gunohlarini yozib boruvchi farishtaga amr beradi: — Tort qalamni uning daftaridan! Savoblarni yozuvchi farishtaga shunday buyuradi: — Bandam qilgan amallarning eng chiroylilarini yoz!
Paygʻambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan boshqa bir xabar quyidagicha: “Biron iymonli banda xastalangan paytida Alloh unga ikki malak yuborib, “Qarab boqinglar-chi? Bandam nimalar deyapti!” deydi. Agar banda: “Alhamdulilloh”, desa, Alloh oʻzi bundan voqif boʻladi, yana malaklar ham bu soʻzni Rabbiga yetkazadilar. Shunda Alloh buyuradi: ”Agar bandamni shu xastalik holida oʻldirsam, jannatga qoʻyaman. Agar shifo bersam, zotini va qonini pokizaroq et va qonga aylantirib, gunohlarini magʻfirat etaman!"
Mubolagʻasiz aytish mumkin, xalqimiz bundan ham ogʻir sinovlarni boshidan oʻtkazgan. Bu safar ham oʻzbek xalqi bu baloga qarshi kurashda birdamligini namoyon etadi.
Agar biz bugun bir boʻlsak, “Buyuk Oʻzbek davlati”ni barpo etishga qodir boʻlgan Oʻzbek millati borligini dunyoga koʻrsata olamiz.
Taʼbir joiz boʻlsa, har bir millatga jamiyatni oʻzgartirishdek masʼuliyatli imkoniyat 100-yilda bir marotaba beriladi. Biz ham Allohning irodasi va berilgan sinov — karonavirus balosini yengib, butun turmush-tarzimizni, hayotimizni oʻzgartiramiz.
Yaxshi kunlar albatta keladi. Bunga ishoning!
Abdumannob RAHIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining
kotibiyati mudiri