Yashnobodda yangi harbiy mahalla qad rostladi
Poytaxtimizning «Do‘stlik» metro bekati joylashgan hudud yonginasida yettita ko‘p qavatli uydan iborat yangi mahalla qad rostladi.
350 oilaga mo‘ljallangan bu xonadonlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni oldidan o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi.
«Shahar qurilish invest» qurilish kompaniyasi tomonidan barpo etilgan uylar yurtni himoya qilishdek sharafli kasbni tanlagan harbiy xizmatchilar uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Xonadonlar kalitlarini topshirish marosimida Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.
Tabdirda so‘zga chiqqanlar yangi xonadonlar sohib hamda sohibalarini bir umr esdan chiqmaydigan voqelik bilan muborakbod etganidan so‘ng «Shahar qurilish invest» kompaniyasi rahbari Elyor Rizayev harbiy xizmatchilar vakiliga mahallaning ramziy kalitini topshirdi.
Tantanali ochilish marosimidan keyin tadbir qatnashchilari II darajali serjant Sherzod Mangliyev va kichik serjant Jamshid Xudoynazarov xonadonida mehmon bo‘ldi. Bir piyola choy ustida qurilgan suhbat davomida xonadon sohibi hamda sohibalari yangi uylarga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan tadbir tashkilotchilarining qimmatbaho sovg‘alarini ham qabul qilib olishdi.
Uch xonali, 96 kvadrat metrdan iborat xonadonlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari yashashi uchun barcha sharoit yaratilgani e’tiborga molik. Ayniqsa, bolalar yotoqxonasi va u yerda ularning yaxshi ta’lim olishi nazardan qochirilmaganligi hamda uy bekasi uchun eng muhim bo‘lgan oshxonaning bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda jihozlanganligi ko‘rgan ko‘zni quvontiradi.
– Harbiy sohada 18 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan turmush o‘rtog‘im va oilamiz uchun bugun unutilmas kun. Nihoyat biz ham o‘z boshpanamizga ega bo‘ldik. Yillar davomida ijarama-ijara ko‘chib yurishdek muammodan qutuldik. Umr yo‘ldoshim bilan 12 yil muqaddam harbiy gospitalda tanishib, sevishib turmush qurganmiz. Boburshoh ismli 6 yoshli o‘g‘lim va 5 yoshli Sadafxon qizim ham ko‘rib turganingizdek quvonchi ichiga sig‘mayapti. Ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik uchun mamlakatimiz rahbariyatiga cheksiz minnatdorlik izhor qilaman. Oilaviy quvonchimizni Xorazm va Namanganda yashovchi yaqin qarindoshlarim bilan nishonlash nasib etmagan bo‘lsa-da, yangi xonadonda to‘ylar qilib, albatta, ularni mehmonga chaqiramiz, – deydi II darajali serjant Sherzod Mangliyevning turmush o‘rtog‘i Dilfuza Abdullayeva.
Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi