“Yashil” taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlikka chorlov
Munosabat
Shu yilning 13-15 yanvar kunlari Prezidentimizning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi har ikki mamlakatning hamkorlik aloqalarida yangi davrni boshlab berdi.
Davlatimiz rahbari tashrif doirasida “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammitining ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Nutqda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda mintaqada yechimini kutayotgan muammolarni hal etish bilan bog‘liq tashabbuslar ilgari surildi.
Avvalo, Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi – bu 2008 yilda BAA hukumati va “Masdar” kompaniyasi tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan xalqaro platforma hisoblanadi. Forumning maqsadi esa jahonda barqaror taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishga ko‘maklashish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, energiya tejamkorligini ilgari surishdan iborat.
Navbatdagi sammit kun tartibiga “yashil” iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritildi.
Prezidentimiz o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartlari sifatida energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning balansida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish ekanligini alohida qayd etdi.
Shuningdek, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tish ekanligi, shu bois, 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganligi ta’kidlandi.
Ayni paytda mamlakatimizda “Yashil makon” dasturining joriy etilganligi, shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantirilishi, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani sammit ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Mamlakatimiz rahbari hozirgi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarilganini qayd etar ekan, xorijiy hamkorlar bilan 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish, mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish, qadimgi Buyuk Ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lidagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, “COP-29” doirasida qozog‘istonlik va ozarbayjonlik hamkorlar bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim orqali Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish, global sammit tashkilotchisi – “Masdar” kompaniyasi bilan 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlarini barpo etish kabi muhim tashabbuslarga alohida to‘xtaldi.
Sammit davomida O‘zbekiston Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirish, bu borada mamlakatda 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjudligi, bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyorligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirgan holda Universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratishni taklif etilishi ishtirokchilar tomonidan iliq qabul qilindi.
Yurtboshimiz shu bilan birga joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etilishini bildirib, 15 may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga barchani taklif etdi.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori, xalq deputatlari
Namangan viloyati Kengashi deputati.
O‘zA.