“Yashil makon” umummilliy loyihasi amalda
Bahor fasli kirib kelishi bilan joylarda bahorgi ishlar qizg‘in tus oladi.
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida joriy yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 717 ming tup mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilishi belgilangan.


Loyiha doirasida tumanning Yangiobod mahallasida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda sektor rahbarlari, qurilish hamda qishloq xo‘jaligi tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Seminar avvalida boshlanayotgan ishlar xayrli bo‘lishi so‘ralib, Qur’on tilovat qilindi. Bir jonliq qurbonlik qilinib, doshqozonda hasharchilarga osh damlandi.

Tadbir davomida 70 sotix bo‘sh yer maydoni tayyorlanib, 435 tup gilos va 40 tup archa daraxti ko‘chatlari ekildi. Ko‘p yillik tajribaga ega bog‘bonlar tomonidan daraxt ko‘chatlarini ekishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Joylarda loyiha doirasidagi ishlar davom etmoqda.
G‘olib Hasanov, O‘zA