“Yashil makon”: talabalar faollik ko‘rsatdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida navbatdagi ekologik tadbir tashkil etildi. Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi va faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu loyiha doirasida Nukus shahridagi “Qizilqum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 25-sonli umumta’lim maktabi atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, hududda turli manzarali va mevali ko‘chatlar ekilib, atrof-muhitni yanada obod va yashil makonga aylantirishga hissa qo‘shildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, ularning barqaror o‘sishini ta’minlash bo‘yicha ham tushuntirish ishlari olib borildi. Bunday tashabbuslar nafaqat ekologik muhitni yaxshilashga, balki yoshlar ongida tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.