“Yashil makon”: safarbarlik aksiyasi e’lon qilindi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yilda hududda bahorgi mavsum doirasida yetti million tup atrofida daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Bu sa’y-harakatlar joylarda ekologik muhitni yaxshilash, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish va yashil hududlar ulushini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda faqat ko‘chat ekish emas, balki ularni parvarishlash, o‘z vaqtida sug‘orish va saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Ekilgan har bir daraxtning sog‘lom o‘sishi uchun tizimli yondashuv talab etiladi. Ko‘chat ekishdan osoni yo‘q, eng katta masala ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish, pirovard natijaga erishish. Darhaqiqat, ob-havo haroratining keskin ko‘tarilib borayotgani bahorgi ekish ishlarini har qachongidan ham tezkor va samarali tashkil etishni taqozo etmoqda, – dedi Zoyir Mirzayev.

Yig‘ilishda, ayrim hududlarda avtomobil yo‘llari yoqalarida, ihota daraxtzorlari barpo etilishi lozim bo‘lgan maydonlarda, fermer xo‘jaliklari yerlarining chet qismlarida hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari hududlarida daraxt ekish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Ayrim tashkilot va korxonalar tomonidan ma’muriy binolar atrofini zamonaviy landshaft dizayni asosida obodonlashtirish ishlariga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani tilga olindi.

Yig‘ilishda ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan hamkorlikda hududlarning iqlim sharoiti va tuproq unumdorligidan kelib chiqqan holda qurg‘oqchilikka chidamli, mahalliy sharoitga mos daraxt ko‘chatlarini ekish zarurligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yashil maydonlarni sug‘orish tizimlarini yo‘lga qo‘yish, irrigatsiya manbalarini tashkil etish, har bir ko‘chat ekilgan maydon uchun alohida oylik oladigan mas’ullarni mahalliy aholi vakillaridan belgilash bo‘yicha aniq mexanizmlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, bahor faslida har bir qarich yerdan unumli foydalanib, mo‘l va bozorbop hosil beradigan ekinlarni ekish muhim ahamiyatga ega. Chunki nihol ekish va urug‘ qadash uchun kam muddat qoldi. Bu ishlar taxminan 20 kun davom etadi.

Viloyat rahbari yurtimiz obodligi, tabiat musaffoligi va aholi farovonligi uchun barchani faollikka chaqirib, mazkur mas’uliyatli mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligini aytdi. Shu maqsadda, joriy yilning 15-apreliga qadar viloyat hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli safarbarlik aksiyasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, barcha ishlar maxsus shtablar orqali muvofiqlashtirilib, kunlik tahlil qilib boriladigan samarali nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
A.Musayev, O‘zA.