“Yashil makon”: Marra 200 mln tup ko‘chat (+video)
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilda respublikamiz hududida 200 mln tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlarini o‘tqazish reja qilingan. Shuningdek, loyiha doirasida bir qator tadbirlarni amalga oshirilishi belgilab olindi. Masalan, Orol bo‘yi mintaqasida 300 ming gektar maydonda “Yashil qoplamalar” barpo etiladi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 51 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
444 ta “Yashil bog‘lar”, 160 ta “Jamoat parklari”, Toshkent shahri atrofida va Toshkent viloyatining 9 ta tumanida jami 129 gektar maydonda hamda respublikadagi 31 ta shahar atrofida yashil belbog‘lar tashkil etiladi.
- Farzand tug‘ilganda ko‘chat ekish an’anasini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi bugungi kunda vazirligimiz tomonidan olg‘a surilib, hukumat qarori loyihasini ishlab chiqilgani holda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi, -deydi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bosh mutaxassisi Aqlbek Normirzayev. – Hozirgi kunda qaror loyihasi jamoatchilik eshituviga qo‘yildi. Har bir shahar-tumanlarda bittadan hokimlik tomonidan “Yangi avlod bog‘lari” uchun yerlar ajratiladi. Daraxt ekish tadbirlari majburiy emas. Hamma o‘z ixtiyori bilan ko‘chat o‘tqazishi belgilangan. Respublikamizda bahor oylarida 125 mln tup va kuzgi mavsumda 75 mln tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi belgilandi.
Shu bilan birga chiqindi poligonlari atroflarida 419 ming tup ko‘chat o‘tqazilib, ihota daraxtzorlari tashkil qilinadi. Shundan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 37 gektar va Yangiyo‘l tumanida 23 gektar maydondagi chiqindi poligonlarida “yashil belbog‘lar” barpo etiladi.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilda respublika byudjetidan 100 mlrd so‘m ajratilgan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/INQEKNVWpKc" title="“Yashil makon”: Marra 200 mln tup koʻchat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA