“Yashil makon” doirasidagi ishlar — deputatlar e’tiborida
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tabirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, shu yilning 2 fevral kuni Prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumida 125 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilab berilgani yashil maydonlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari saylov okruglaridagi faoliyati mobaynida videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan har bir topshiriq va vazifalar mazmun-mohiyati tuman (shahar)lar hokimlariga hamda sektor rahbarlariga tushuntirdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida daraxt ko‘chatlarini ekishni samarali tashkil etish holati, ko‘chat zaxiralarining yaratilganligi hamda har bir hududning iqlimiga mos daraxt navlarini yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, hududlarda ekologik holatni yaxshilash hamda “mobil eko patrullar” faoliyatini tashkil etish borasidagi ishlar o‘rganildi. Sohada uchrayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Jizzax viloyatidagi o‘rganishlar davomida aniqlandiki, “Yashil yillik” umummilliy tadbirida bahorgi ko‘chat ekish mavsumida viloyat hududiga 10 million dona manzarali mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalari ekish yuzasidan viloyat hokimligining dasturi tasdiqlangan.
Viloyatining shahar va tuman hududlarida ekilgan ko‘chatlar soni, turi va joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron tizim ishga tushirilgan.
Ko‘chat zaxiralarini yaratish maqsadida Jizzax viloyatidagi o‘rmon xo‘jaliklariga qarashli 53,7 gektar maydonda 3 million 388 ming dona manzarali va mevali ko‘chat zaxiralari yaratilganligi, fuqarolar tashkil etilgan oilaviy ko‘chatchilik xo‘jaliklarida pavloniya va mevali daraxtlar ko‘chatlari yetishtirish ishlari yo‘lga qo‘yilganligi aniqlandi.
Deputatlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Yashil yillik” umumilliy loyihasiga tayyorgarlik holati o‘rganildi. Hudud iqlimi hamda suv tanqisligini inobatga olib, mazkur sharoitga mos ko‘chatlar navlarini ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi. O‘rganish mobaynida aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Fraksiyaning kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida saylov okruglaridagi o‘rganishlar yakuni muhokama etildi. Uchrashuvlar chog‘ida respublika darjasida aniqlangan muammolarni parlament nazorati shakllaridan foydalangan holda hal etish choralarini ko‘rish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tavsiya etildi.
Fraksiya a’zolariga hududiy partiya tashkilotlari bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tuman va shaharlarda, mahallarlardagi ko‘chat ekish tadbirlarida faol ishtirok etishi yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA