“Yashil iqtisodiyot” yo‘lidagi dadil qadamlar
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida sanoat korxonalari faoliyati nafaqat ishlab chiqarish hajmi va iqtisodiy samaradorlik, balki atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ijtimoiy mas’uliyat mezonlari bilan ham o‘lchanadi.
Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ekologik barqarorlikni ta’minlash, xalqaro ESG (Ekologiya, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etish hamda “yashil iqtisodiyot” talablariga mos faoliyat yuritish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu haqda “NKMK”AJ Mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi va ekologiya departamenti bo‘lim boshlig‘i Xayrullo Baqoyev quyidagilarni gapirib berdi:
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi, “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi milliy dastur sanoat korxonalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda. NKMK ushbu vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib, ekologik boshqaruv tizimini xalqaro standartlar asosida bosqichma-bosqich takomillashtirib bormoqda.
Kombinatning bu boradagi eng muhim yutuqlaridan biri 2025-yilda “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan ilk bor korporativ ESG reytingi bilan baholanganidir. Natijada, NKMK O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida ESG reytingini olgan birinchi kompaniya bo‘ldi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida keyingi yillarda kombinatda qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, “SRK Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda oltin qazib olish (RGMP) hamda sianidlar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro kodeks (ICMC) talablariga muvofiqlik auditi o‘tkazildi.
Bundan tashqari, iqlim xavflarini baholash ishlari ham izchil olib borilmoqda. Masalan, 2023-2024-yillar uchun issiqxona gazlari emissiyasi qayta hisob-kitob qilinib, kombinatning dekarbonizatsiya strategiyasi ishlab chiqildi. Shuningdek, mehnat muhofazasi, atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillik hamda manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikka oid qator ekologik korporativ siyosat dasturi ham tasdiqlandi. Ayniqsa, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan ekologik reabilitatsiya va atrof-muhitga antropogen ta’sirni kamaytirish dasturining ishlab chiqilgani sohamizda yangi qadam bo‘ldi.
Kombinatning qabul qilingan strategiyasida muqobil va qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish, sanoat korxonalari va binolarda energiya sarfini kamaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Yashil transportni rivojlantirish orqali elektromobillar va gibrid transport vositalaridan foydalanishni kengaytirish, iqlimni muhofaza qilish loyihalari bo‘yicha atmosferadagi zararli gazlarni yutish uchun daraxtzorlarni ko‘paytirish hamda karbonat angidrid chiqindilarini ushlab qoluvchi innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish kabi asosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, ishlab chiqilgan ekologik korporativ siyosat kombinatning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan majburiyatlari va strategiyasini o‘zida mujassam etib, korxonaning barqaror rivojlanish konsepsiyasi asosini tashkil etadi.
Bu kabi sa’y-harakatlar investor va jamoatchilik orasida kombinatga bo‘lgan ishonchni oshirishi bilan birga xarajatlarni qisqartirishga xizmat qilmoqda. Energiya va suvni tejash, chiqindilarni qayta ishlash korxonaga moliyaviy foyda keltirib, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlaydi.
Kombinat faoliyati bevosita yirik sanoat korxonalarida mahsulot ishlab chiqarishdan iborat. Shu bois atrof-muhit muhofazasi va atmosferaga ta’sirni kamaytirish asosiy diqqat markazida turibdi. Hozirda korxonalarga o‘rnatilgan 263 ta chang-gaz tozalash uskunalarining chang-gazlarni tutib qolish darajasi 95-99 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich jahon amaliyotidagi ekologik talablarga to‘liq javob beradi.
Birgina 2025-yilda beshta yangi chang-gaz tozalash uskunasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, gidrometallurgiya zavodlarida mavjud tozalash tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 7-gidrometallurgiya zavodi, Marjonbuloq oltin ajratish sexi hamda Navoiy mashinasozlik zavodida chang-gaz tozalash qurilmalari o‘rnatildi.
Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bermoqda. Masalan, 2023-yilda chang-gaz tozalash uskunalari orqali 1,1 ming tonna ifloslantiruvchi modda ushlab qolingan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 1,4 ming tonnadan oshdi, 2025-yilda esa 1,7 ming tonnaga yetdi. Bu esa atmosferaga chiqadigan chang-gazlar hajmi yil sayin kamayib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, konlarda muntazam ravishda chang bostirish va namlash ishlarining amalga oshirilishi ham ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Ekologik monitoring tizimini takomillashtirish maqsadida 2026-yilda kombinatning atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan ob’ektlari hududida 7 ta statsionar kuzatuv posti — “fon stansiyalari” o‘rnatildi. Bundan tashqari, avtomatik atmosfera havosini monitoring qilish stansiyalari tarmog‘i kengaytirilib, zamonaviy “AFEX DM5200” va “AFEX G8000” rusumli uskunalar ishga tushirildi. Bu esa havo sifati bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn qabul qilish, atmosfera havosi holatini muntazam kuzatish, fon konsentratsiyalarini baholash va ifloslanish manbalarini tahlil qilish imkonini bermoqda. Joriy yil yakuniga qadar yana 33 ta statsionar kuzatuv posti o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati ekologiya sohasidagi ilg‘or tajribasini xalqaro miqyosda ham namoyish etib kelmoqda. Xususan, yaqinda Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik tadbirlardan biri – “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasida ilk bor ishtirok etib, ekologik toza texnologiyalari va innovatsion yechimlarini namoyish qildi. Shuningdek, kombinat tomonidan GRI xalqaro standarti asosida tayyorlangan “Barqaror rivojlanish hisoboti” jamoatchilikka taqdim etildi. Bu tajriba nufuzli tadbir ishtirokchilari va xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xullas, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar kelajakka qo‘yilgan dadil qadamdir. Bu sa’y-harakatlar korxonaning jahon standartlariga mos ravishda rivojlanib, “yashil taraqqiyot” tamoyillari hayotga izchil tatbiq etilayotganining yorqin namunasi hisoblanadi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi