Yashil energiya — barqaror iqtisodiyot va farovonlik manbai
Bugun dunyo miqyosida energiya masalasi faqat iqtisodiy emas, balki ekologik va ijtimoiy barqarorlikning ham hal qiluvchi omiliga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish har bir hudud taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Sirdaryo viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lidagi aniq va izchil qadamlardan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan energiya samaradorligini oshirish va sohaga innovatsion yechimlarni tatbiq etish vazifasi Sirdaryo viloyatida ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat hokimligida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda mazkur masalaga alohida urg‘u berilib, uni yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilab olindi. Viloyat hokimi boshchiligida o‘tgan muhokamalarda energiya samaradorligini oshirish, an’anaviy manbalarga tushayotgan bosimni kamaytirish hamda sohada zamonaviy boshqaruv tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.


Raqamlar bu boradagi ishlar ko‘lamini yaqqol namoyon etmoqda. 2026-yil yakuniga qadar hududda jami 23 ming 400 kilovatt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu — faqatgina texnik ko‘rsatkich emas, balki resurslarga oqilona munosabat va zamonaviy iqtisodiy fikrlashning amaliy ifodasidir. E’tiborlisi, joriy yilning dastlabki choragidayoq ushbu rejaning qariyb 30 foizi amalga oshirilib, 6 ming 990 kilovattlik quyosh energiyasi tizimlari ishga tushirildi.
Hududlar kesimida tahlil qilinsa, Sirdaryo tumani alohida faollik ko‘rsatmoqda. Tumandagi 1 138 kilovattlik natija bu yerda muqobil energiyaga o‘tish shunchaki tashabbus emas, balki izchil va manzilli siyosatga aylanganini ko‘rsatadi.


Jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etayotgani diqqatga sazovor. Bugun quyosh panellari nafaqat xususiy biznes ob’ektlarida, balki yirik sanoat korxonalari, klasterlar, bozorlar va davlat muassasalarida ham keng joriy etilmoqda. Bu esa jamiyatda energiya iste’moli madaniyati bosqichma-bosqich o‘zgarib, samaradorlik va tejamkorlik har bir tarmoq uchun bosh mezonga aylanayotganini anglatadi.
Yig‘ilish yakunida yil oxiriga qadar qolgan 16 ming kilovattdan ortiq quvvatni to‘liq ishga tushirish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi” belgilab olindi. Mutasaddilarga mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etgan holda ishlarni jadallashtirish, belgilangan ko‘rsatkichlarga o‘z vaqtida erishish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.
Xulosa qilib aytganda, Sirdaryo viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasidagi bunday sa’y-harakatlar nafaqat hududning energiya xavfsizligini ta’minlashga, balki tadbirkorlik muhitini yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Zero, “yashil energiya” — bu kelajak avlodlar uchun musaffo tabiat va barqaror iqtisodiy taraqqiyot demakdir.
G‘ulom Primov, O‘zA