“Yashil energetika” – farovonlik asosi
Keyingi yillarda aholi turmush darajasi o‘sib, elektr texnikalaridan foydalanish ko‘paymoqda.
Xususan, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste’mol hajmi esa 30 foizga ko‘paygan.
Sir emaski, keyingi yillarda dunyoda “yashil” energetikaga o‘tish hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishni hayotning o‘zi kun tartibiga qo‘yyapti. Yilning o‘rtacha 320 kuni quyoshli bo‘lgan zaminimizda quyosh energiyasidan foydalanish qanday iqtisodiy samaradorlik keltirishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatimizda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Bu respublikamizning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojidan 8 barobar ko‘p deganidir. Ammo yaqin-yaqingacha mamlakatimizning ulkan imkoniyati e’tibordan chetda qolayotgan edi.
bugungi kungacha gaz, neft kabi uglevodorodlar energiyasidan foydalanish keng tarqalgan. Lekin ularning zaxiralari cheklangan. Shu bois mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlantirilmoqda.
Keyingi yillarda bu borada yirik loyihalarga qo‘l urilayotgani esa tahsinga sazovordir. Respublikamizning ustuvor yo‘nalishlardan biri barchamiz uchun global masalaga aylanayotgan elektr energiyasining zarurligi va undan oqilona foydalanish, arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energetikani joriy etish choralarini ko‘rishdan iboratdir. Aholini sifatli va uzluksiz energiya manbalari bilan ta’minlashda, avvalo davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish, barqaror investitsion loyihalarni jalb qilish zarur.
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Karmana tumanida barpo etilgan 100 megavatt quvvatli mamlakatimizdagi birinchi yirik ilk quyosh fotoelektr stansiyasini ramziy ishga tushirdi. Mazkur majmua qurilishi o‘tgan yili boshlangan edi. Uning doirasida 110 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatildi. Bu loyiha amalga oshishi bilan 80 million kub/metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi va bu gaz aholi uylariga boradi. Eng muhimi, 160 ming tonna zaharli gazlar havoga tarqalishining oldini oladi. Bu esa tom ma’noda, O‘zbekistonni “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishida birinchi qadam bo‘lib, davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi, desak mubolag‘a emas.
Ushbu stansiya yangi soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab bermoqda. Bu yerda yiliga 252 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu stansiyaning ahamiyati shundaki, aholi va sanoatning o‘sib borayotgan ehtiyojini barqaror energiya bilan ta’minlaydi. Narxi ham arzon – 1 kilovatt soat uchun 2,67 AQSH senti. Yana bir muhim jihati, bunday loyihalar tufayli yurtimizda yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari, zamonaviy texnologiyalar paydo bo‘lmoqda. Bu ishlar davlatimiz rahbarining uzoqni o‘ylab olib borayotgan oqilona siyosatining yana bir amaliy natijasidir.
Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida energetika sohasini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan loyiha va rejalarni birma-bir sanab o‘tgan edi. Xususan, iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin, energiya resurslariga bo‘lgan talab ham ortib borishi, neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni, boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazish lozimligi ta’kidlangan edi.
Haqiqatdan ham, yurtimizda energetika sohasini tubdan isloh qilish masalalarida butkul yangi tizim tashkil etish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi yillar ichida ko‘plab yig‘ilish va uchrashuvlar o‘tkazildi. Tegishli qonunlar, xalqaro bitimlar, qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Birgina energetika sohasida joriy yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 ming 800 megavattga teng bo‘lgan issiqlik va quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Hozirgi kunga kelib energetika sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida qiymati 7,4 milliard dollarlik 19 loyiha amalga oshirilib, shundan bugungi kun holatida 12 loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi 14 ming megavattdan 15 ming 800 megavattga yetkaziladi. 2016 yilga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi esa 52 foizni tashkil qiladi.
Toshkent viloyati Qibray tumanida 240 megavattdan 2 ta va 230 megavattga teng 1 ta, Xorazm viloyatida 174 megavatt, Buxoro viloyatida 270 megavatt, Qashqadaryoda 220 megavatt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyalari, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilishi arafasida turibdi. Shu bilan birga, Surxondaryoda 38 megavattga teng “Zarchob-2” va Toshkent viloyatida 8 megavattga teng “Kamolot” gidroelektr stansiyalari ishga tushiriladi.
N.Nasriyev, O‘zA