Yarim yilda aholiga 13,1 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratildi
Mamlakatimizda 42,5 mingdan ortiq fuqaro uy-joy xaridi uchun ipoteka kreditidan foydalandi, yangi qurilgan uylarga talab yuqoriligicha qolmoqda.
O‘zbekistonda ipoteka bozori 2026-yilning birinchi yarmida yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida aholiga uy-joy sotib olish va qurish uchun 13,1 trillion so‘m ipoteka krediti ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga 42 ming 575 nafar fuqaro uy-joy bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, joriy yilning dastlabki olti oyida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan keskin o‘sdi. Xususan, 2025-yilning birinchi yarmida 9,5 trillion so‘m ipoteka krediti berilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 13,1 trillion so‘mga yetdi. Demak, ipoteka bozori yarim yil ichida qariyb 38 foizga o‘sgan.
Bu o‘sish bir tomondan aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji yuqoriligini, ikkinchi tomondan esa bank tizimida ipoteka moliyalashtirish hajmi kengayib borayotganini anglatadi.
Ipoteka kreditlari faqat uy-joy sotib olish vositasi emas, balki iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarini faollashtiruvchi muhim moliyaviy mexanizm hisoblanadi. Ajratilgan har bir ipoteka krediti qurilish sohasi, sement, metall konstruksiyalar, mebel, maishiy texnika, transport, logistika va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ham talabni oshiradi. Shu nuqtai nazardan, 13,1 trillion so‘mlik ipoteka mablag‘lari mamlakat ichki iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlashda muhim omillardan biri bo‘ldi.
Buni tahlili qiladigan bo‘lsak, ipoteka mablag‘larining asosiy qismi yangi qurilgan uy-joylarga yo‘naltirilganini ko‘rsatmoqda. 75 foiz yoki 9,8 trillion so‘m birlamchi bozorga, 25 foiz yoki 3,3 trillion so‘m esa ikkilamchi bozorga yo‘naltirilgan. Bu raqamlar mamlakatda qurilish sohasi hanuz iqtisodiy o‘sish drayverlaridan biri bo‘lib qolayotganini anglatadi. Yangi uylarga bo‘lgan yuqori talab developerlar faolligini saqlab turib, yangi turar-joy majmualarini qurishga rag‘bat yaratmoqda.
Biroq, iqtisodiy nuqtai nazardan bu holat uy-joy taklifi bilan talab o‘rtasidagi muvozanatni doimiy nazorat qilib borishni ham talab qiladi. Aks holda ayrim hududlarda narxlar o‘sishi kuzatilishi mumkin. Kredit oluvchilarning yosh tarkibi ham ipoteka bozorining xususiyatlarini ko‘rsatadi. 31–50 yoshdagilar 65 foizni, 18–30 yoshdagilar esa 25 foizni, 51 yoshdan yuqori aholi esa 10 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar ipoteka kreditlari asosan doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan, mehnat bozorida faol ishtirok etayotgan aholi qatlami hisobiga shakllanayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, kredit oluvchilarning 46 foizini ayollar tashkil etgani ipoteka moliyalashtirishidan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ipoteka kreditlari hajmi bo‘yicha mutlaq yetakchilikni Toshkent shahri egalladi. Ya’ni, Toshkent shahriga 4 013 milliard so‘m, Andijon viloyati 1 108 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyati 963 milliard so‘mni, Farg‘ona viloyati esa 888 milliard so‘mni, Surxondaryo viloyati 834 milliard so‘mni tashkil etadi.
Poytaxtdagi yuqori ko‘rsatkichga aholi soni, uy-joy narxlarining balandligi, yangi qurilish loyihalarining ko‘pligi va ipotekaga talabning yuqoriligi ta’sir ko‘rsatgan. Viloyatlarda esa ipoteka bozorining o‘sishi qurilish sur’atlari, demografik o‘sish va aholining daromadlari bilan uzviy bog‘liq.
Ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkalari quyidagicha shakllangan. Respublika byudjeti mablag‘lari 16,8 foizni, banklarning o‘z mablag‘lari esa 20,1 foizni tashkil etadi. O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari 21,6 foizni tashkil etadi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, 2026-yilning birinchi yarmi ipoteka bozori uchun ijobiy dinamika bilan yakunlandi. Kreditlar hajmining qariyb 38 foizga o‘sishi aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji saqlanib qolayotganini, qurilish sohasi esa iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biri bo‘lib qolishini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, ipoteka bozorining barqaror rivojlanishi uchun qurilish hajmlari va uy-joy taklifini mutanosib oshirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, xususiy kapital ishtirokini kengaytirish hamda aholi uchun nisbatan arzon ipoteka resurslari ulushini ko‘paytirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ipoteka bozoridagi ijobiy o‘sish sur’atlari saqlansa, bu nafaqat aholining uy-joy bilan ta’minlanish darajasiga, balki qurilish, sanoat, bank-moliya va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga ham sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA