Yarim yil yakunlari muhokamasi
Buxoroda joriy yil birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda joriy yil birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi M.Esonov boshqargan yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot 8 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,9, chakana savdo aylanmasi 13,2, pullik xizmatlar ko‘rsatish 12,5, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 8,1 foiz o‘sgani ta’kidlandi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlari doirasida bir yuz o‘nta loyiha amalga oshirildi. Yangi korxonalar tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijada bir ming ikki yuz yetmish oltita yangi ish o‘rni yaratildi.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan sakkiz loyihaning amalga oshirilishi 58,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 157,9 ming AQSh dollari miqdoridagi tovarni eksport qilish imkonini berdi.
Hisobot davrida 40 ming yangi ish o‘rni ochildi.
Yig‘ilishda kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlash, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish, bank-moliya tizimi, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorlik, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, kommunal va yo‘l tarmoqlari, infratuzilma obyektlarining qurilishi kabi ustuvor vazifa va masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlar aniq misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.
Mavjud kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.