Yarim finalchilar aniqlandi
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.Shveytsarcha tizimda yetti turdan iborat musobaqaning sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarida Doston Bahrullayev birinchi, Mustafo Usmonov ikkinchi va Farodis Vohidov uchinchi o‘rinni egalladi. Qizlar o‘rtasidagi musobaqada Madina Ismoiljonova va Komila Asomiddinova sovrinli o‘rinlarni egalladi.
O‘n yoshgacha o‘g‘il-qizlar bahsida Maksim Ogay, Abbosbek Sa’dullaev, Feruzbek Sindorov va Sharifa Ismoiljonova kuchlilar qatorida e’tirof etildi.
O‘n ikki yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Mirazizbek Ergashev oltin, Dovudxon Sulaymonov kumush, Dovudxon Tojiyev bronza medalni qo‘lga kiritdi. Qizlar o‘rtasida Parizod Inoyatova va Shukrona Ortiqova birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egalladi.
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Ahad Kimsanboyev, Jamshid Rasulov va Saidolim Zikirov, qizlar bahsida Robiya Tojiyeva g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Musobaqada birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan shaxmatchilar shu yilning dekabr oyida o‘tkaziladigan mamlakat chempionatining yarim final bahslariga yo‘llanma oldi.