Yaqin Sharqdagi bir oylik urush raqamlarda
“The Wall Street Journal” yozishicha, AQSH va Isroilning Eron bilan qurolli ziddiyatida shu kungacha halok bo‘lganlar soni 3008 kishini tashkil etdi. Qurbonlarning 95 foizi Eron va Livanda.
Gazeta tahlilchilari Isroil, Iroq va Fors ko‘rfazi davlatlarida ham insonlar hayotdan ko‘z yumganini ta’kidlagan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, 13 nafar amerikalik harbiy xizmatchi vafot etgan, 300 dan ziyod jangchi yaralangan. Livanda kamida besh nafar isroillik askar yo‘q qilingan.
4 milliondan ko‘p aholi xavfsiz joyga ko‘chirilgan: Eronda 3 million, Livanda 1 million. Urushdan jabr ko‘rgan mamlakatlar soni ham ortgan. Xususan, Eron, Livan va Isroildagi jang hamda AQSH bazalariga qilingan hujumdan tashqari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt va Bahrayn kabi ko‘rfaz davlatlari Islom Respublikasi nishoniga aylandi. Shuningdek, Iordaniya, O‘mon, Ozarbayjon, Yevropa Ittifoqi a’zosi hisoblangan Kipr va NATO ittifoqchisi Turkiyaga ham bir necha zarba berildi. Natijada kamida 81 000 bino zarar ko‘rdi. Portlar, elektr stansiyalari, neftni qayta ishlash korxonalari, neft va gaz konlari, shuningdek mintaqadagi mashhur binolar, sayyohlik manzillari, turar-joy inshootlari, aeroportlar, diplomatik vakolatxonalar raketa va dron hujumiga uchradi.
AQSH va Isroil armiyasi Eronga 18 000-martadan ziyod havo hujumi uyushtirgan. Shikastlangan Amerika harbiy texnikasi qiymati 2,9 milliard dollarga yetgan. Qolaversa, yuk tashishga mo‘ljallangan tankerlarga ham hujum uyushtirilmoqda. Hozirgacha 20 ta shunday kema hujum ostida qoldi, Hurmuz bo‘g‘ozida taxminan 2000 kema to‘sib qo‘yilib, 20 000 dengizchining harakati cheklandi. Oqibatda neft narxi 50 foiz oshdi.
Eronda internetga ulanish darajasi bir foiz. Islom Respublikasi davlat ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, urush boshlangandan beri mamlakatda kamida 500 kishi hibsga olingan. Ularning ko‘pchiligi xalqaro OAV yoki AQSH va Isroilga ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda. Urush bilan bog‘liq vayronagarchilik haqida ma’lumot yoki tasvir tarqatgani uchun hibsga olish BAA, Qatar, Bahrayn va Kuvaytda ham kuzatilgan.
AQSH ma’muriyatidagi manba “The Intercept” portaliga bergan intervyusida Eron bilan urushga sarflangan xarajat trillionlab dollarga yetishi mumkinligini aytgan.
Ismi oshkor qilinmagan amaldor sobiq Davlat kotibi yordamchisi Linda Bilms “The Intercept” nashri orqali taqdim etgan hisobotini ko‘rib chiqdi. Hujjatga ko‘ra, mojaro yana uch-to‘rt hafta davom etsa, AQSHga 50 milliard dollarga tushadi. Binobarin, mojaroning umumiy qiymati, jumladan, o‘q-dori va tashuvchi vositalarni joylashtirishga ketadigan qisqa muddatli sarf, shuningdek faxriylar nafaqasi kabi uzoq muddatli xarajat trillionlab dollarga yetishi mumkin.
– Bu raqamlar amerikaliklarga noma’lum, – deya portal rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan. – Siz ular haqida hech qachon Oq uy yoki Pentagondan eshitmaysiz... Buning uchun farzandlarimning farzandlari, ehtimol ularning farzandlari badal to‘laydilar.
S.Rahimov, O‘zA