Yaponlar sarimsoq piyoz yetishtiradi
Guliston tumanida Yaponiya investitsiyasi ishtirokida qiymati 4 million AQSH dollariga teng yirik agrosanoat loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha doirasida sarimsoq piyoz yetishtirish, uni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash va eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, yangi korxona qariyb 100 nafar mahalliy aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.
Mazkur istiqbolli loyiha Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda Yaponiyaning Aomori nousan kompaniyasi direktori Cakane Tatsuya boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, loyiha nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, balki ularni qayta ishlash va tashqi bozorlarga chiqarish zanjirini ham qamrab oladi. Bu esa hududda qo‘shimcha qiymat yaratish, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
Uchrashuvda loyihaning iqtisodiy samaradorligi, logistika imkoniyatlari, mahsulotni eksportga yo‘naltirish hamda mahalliy aholini ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar hamkorlikni uzoq muddatli va barqaror asosda rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida dastlabki kelishuvlarga erishilib, loyihani amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari investorlar tomonidan loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hududlarda bo‘lib, yer maydonlari va mavjud infratuzilma imkoniyatlari bilan tanishishdi.
Yaponiyalik mehmonlarga mahalliy dehqonlarning sarimsoq piyoz yetishtirish bo‘yicha tajribasi, agrotexnik jarayonlar va hosildorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif davomida mehmonlarga o‘zbek milliy qadriyatlari va mehmondo‘stlik an’analari ham namoyish etildi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, lapar va folklor chiqishlari yaponiyalik investorlarda iliq taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri