Yaponiya imperator xonimi 60 yoshda
Kun chiqar mamlakat axborot agentligi – “Kyodo news” xabar berishicha, Yaponiya imperatori Naruxitoning rafiqasi Masako xonim yubiley munosabati bilan o‘z mamlakati va xalqiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
– Hayotimning 60 yilidek muhim voqeani nishonlash ajoyib tuyg‘u, – deyilgan yozma bayonotda. – Men har kuni Yaponiya xalqi tomonidan ko‘rsatilayotgan iliq munosabat uchun yana bir bor chin qalbimdan rahmat aytmoqchiman.
U turmush o‘rtog‘ining ota-onasi – sobiq imperator-oila – er-xotin Akixito va Michikoga ham tashakkur izhor etdi.
Imperator pandemiya tugab, kundalik hayot asta-sekin me’yoriga qaytganini mamnuniyat bilan qayd etdi, shu bilan birga “ko‘p odamlar haliyam turli qiyinchilikka duch kelayotgani”dan qayg‘u va xavotir bildirdi. Shuningdek, 2011 yildagi zilzila va sunamidan jabr ko‘rgan hududlar tez, to‘liq tiklanishiga umid bildirib, mahalliy aholining bu yo‘nalishdagi tinimsiz mehnatini olqishladi.
Turmushga chiqishdan avval Masako Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida xizmat qilgan. Prinston va Tokio universitetlarini muvaffaqiyatli tamomlagan qiz imperator oilasiga qo‘shilish uchun kasbiy faoliyatidan voz kechishga majbur bo‘lgan. 2004 yil uning turmush o‘rtog‘i saroy muhitini rafiqasini qo‘rqitishda ochiq aybladi. Masako uzoq vaqt kasallikdan aziyat chekdi, ruhiy tiklanish muolajalarini oldi. 15 yildan ziyod u hech qanday ommaviy tadbirlarda qatnashmadi.
O‘g‘il farzand ko‘rish malika uchun har doim alohida yuk bo‘lgan, chunki Yaponiya qonuniga ko‘ra, taxt faqat erkak avlodga o‘tadi. Juftlikning faqat 22 yoshli Ayko ismli qizi bor, shuning uchun taxtning ehtimoliy merosxo‘ri hozirgi imperator ukasining o‘g‘li hisoblanadi. Malika Ayko ham yoshligida maktabda sinfdoshlarining zo‘ravonligiga duch kelgan, qariyb bir yarim yil davomida darsga ota-onasi hamrohligida borishga majbur bo‘lgan.
Naruxito va uning rafiqasi Masako 2019 yil 1 mayda imperator Akixito (1933 yilda tug‘ilgan) keksalik tufayli taxtdan voz kechganidan keyin taxtga o‘tirgan.
M.Pirmatova, O‘zA