Yangiyerda biotexnologik majmua barpo etiladi
Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev Rossiyaning “IMPACT-BIO” kompaniyasi asoschisi Andrey Kirik va kompaniya direktori Ivan Savinsevni qabul qildi.
Muloqotda joriy yilning 4-5 oktyabr kunlari Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning III forumi” doirasida erishilgan dastlabki kelishuvlar muhokama qilindi. Kompaniya vakillari Yangiyer shahar erkin sanoat zonasi hududida qiymati 20 million AQSH dollar bo‘lgan oqsilli ozuqa, oziq-ovqat qo‘shimchalari va biopolimer mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ustida ish olib borilayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi. Agar zaruriy sharoitlar yaratilsa, mazkur loyihani amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.


Viloyat hokimi rossiyalik hamkorlar tomonidan bildirilgan taklifni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uchrashuvda biotexnologik majmua loyihasi va kelgusida erishiladigan natijalar haqidagi taqdimot namoyish etildi. Yakunda bu borada birgalikda olib boriladigan sa’y-harakatlar rejasini ishlab chiqishga ham kelishib olindi va o‘zaro memorandum imzolandi.
Sh.Suyarov,
O‘zA.