Yangiqo‘rg‘onda yangicha dunyoqarash, yangicha rivojlanish
Yangiqo‘rg‘on tumani Namangan viloyatining unumdor tuprog‘i, mo‘’tadil iqlimi, maftunkor tabiati, sarxil mevalari, sabzavotlari, eng asosiysi, mehnatkash va tanti bobodehqonlari hamda oqibatli eli bilan mashhur. Tumanda bugun zamon bilan hamnafas holda barcha sohalarda yangi yutuq va marralarga erishilmoqda. Ayniqsa, bunyodkorlik, obodonlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi turmush darajasini oshirish, turizmni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimligi axborot xizmati tashabbusi bilan tuman hokimligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan Press-tur davomida ommaviy axborot-vositalari xodimlari va blogerlarga ayni qaynoq jarayonlar yaqindan tanishtirildi.
“Mahalla yettiligi” faoliyatidan
Yangiqo‘rg‘onni Namangan shahri bilan bog‘lovchi manzilda joylashgan Barkamol mahallasiga kirar ekansiz, bunyodkorlik o‘zgarishlaridan dilingiz yayraydi. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Olimjon Toshpo‘latov boshchiligidagi “mahalla yettiligi” sa’y-harakatlari bilan mahalla yanada obod va ko‘rkam qiyofaga kirmoqda.
4 ming 711 kishi istiqomat qiladigan mahallaning “o‘sish nuqtasi”, ya’ni “drayver”i issiqxona xo‘jaligi va tikuvchilik hisoblanib, 795 xonadondagi 1 ming 287 oilaning aksariyati o‘zining doimiy daromad manbaiga ega. Birgina 22 xonadondagi namunali asosdagi issiqxona xo‘jaligi sohiblari yiliga 20-30 million so‘m daromad olmoqda.
So‘nggi yillarda aholining turmush sharoitini yaxshilash, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Mahalla ahlining uyushqoqligi va ahilligi natijasida, “Tashabbusli byudjet” dasturida ketma-ket ikki marta g‘oliblik qo‘lga kiritilib, 2,6 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 6 kilometr yo‘l asfaltlandi. Qolaversa, davlat dasturi doirasida yana qo‘shimcha 1,5 kilometr asfalt yo‘l barpo bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, ichki yo‘llar holati yaxshilanishi hamda transport harakati uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratildi.
Xalqaro “OPEK” jamg‘armasi ko‘magida 8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i yangilanib, mahalladagi uzoq yillardan beri muammoga aylangan 600 xonadon sifatli “obi hayot”dan bahramand bo‘ldi.
Mahallada aholining kundalik hayotida yanada qulayliklar yaratish maqsadida Jahon bankining 9 milliard so‘mlik loyihasi doirasida 13 kilometr avtomobil yo‘li asfaltlash, 12 dona transformator yangilash, 500 dona simyog‘och ustunlar o‘rnatish, 20 kilometr elektr uzatish tarmoqlari zamonaviy simlar bilan yangilash rejalashtirilgan.
Gullar ifori
Gullar diyori – Namanganda har bir xonadonni gulzorga aylantirish borasida ilgari surilgan xayrli tashabbus Yangiqo‘rg‘on tumani Rovut mahallasida ham bo‘y ko‘rsatmoqda. “Soxibkor” ko‘chasining ilg‘or gulchisi Rahmonjon Usmonovning xonadoni buning yorqin dalilidir.
Gulchilarning uchinchi avlodi sanalgan Rahmonjon aka ota-bobolarining gul yetishtirish an’anasini zamonaviy yondashuvlar bilan davom ettirmoqda. U o‘z xonadonidagi olti yarim sotix maydondagi issiqxonada 50 dan ortiq turdagi gullarni yetishtirmoqda. Ular orasida Gollandiya va Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan Valachak, Felorgoniya kabi noyob navlari ham mavjud. Shuningdek, yiliga 100 million so‘mdan ziyod daromad ham olinmoqda. Ezgu harakatlar natijasida qo‘shimcha to‘rt sotixlik issiqxona tashkil qilindi va 20 nafarga yaqin mahalladoshlarining bandligi ham ta’minlandi.
Namanganda bo‘lib o‘tadigan 64-Xalqaro “Gullar festivali” oldidan Rahmonjon Usmonovning viloyat markazidagi gul do‘konidan ayni vaqtda nafosat shaydolarining keti uzilmayapti. Gulchilar tadbir ishtirokchilariga buyurtma asosida gul kompozitsiyalari uchun ajib navlarni yetkazib beradi.
Nanay – turizm qishlog‘i
O‘zining so‘lim, maftunkor tabiati bilan nom qozongan Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nanay qishlog‘iga vodiyda birinchi bo‘lib respublika Turizm qo‘mitasi tomonidan “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida so‘nggi yillarda mazkur qishloqda turizmni jadal rivojlantirish, turistlarga munosib shart-sharoit va qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, “Ko‘ksaroy sayyoh” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan osma ko‘prik, dor yo‘li hamda yozgi sirpanchiq yo‘lakchasi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, investitsiya dasturiga asosan Do‘stlik va Soybo‘yi mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi Podsho-ota soy qirg‘oqlarida 3,7 milliard so‘m hisobiga 1,3 kilometr salomatlik yo‘lakchalari bunyod etildi. 22 sun’iy sharshara esa qishloqning turistik jozibasini yanada oshirmoqda.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor Jamshidbek Hasanov 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga Nanayda turistlar dam olishi uchun “Archazor” majmuasini barpo etdi. Balandlikdagi adirliklarga tutash ushbu joy nafaqat dam oluvchilarni o‘ziga jalb etadi, balki nafas yo‘li kasalliklariga chalingan bemorlar uchun ham g‘oyat foydali ekanligini e’tirof etish joiz. Ayni vaqtda ushbu maskanda 15 kishi ish o‘rniga ega.
Turizm qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan uy mehmonxonalari sayyohlar oqimini ko‘payishda muhim o‘rin tutmoqda. Tadbirkorlar Shuhrat Salohiddinov hamda Alisher Kamolov tomonidan barpo etilgan zamonaviy uy-mehmonxonalari bugungi kunda mahalliy va xorijiy turistlar bilan gavjum.
– Yaxshi dam – mehnatga hamdam. Faoliyatimiz og‘ir yumush bajarishni taqozo qilishi sababli vaqti-vaqti bilan dam olib turamiz, – deydi Andijon viloyati Baliqchi tumanidan Inomjon Rahmonov. – Oila a’zolarimiz bilan birgalikda mana uch kundirki hordiq chiqarmoqdamiz. Nanayning maftunkor tabiati va fusunkor tabiati Turkiya, Shveysariya davlatlaridagi kurort shaharlardan aslo qolishmas ekan.
– Nanayda o‘tgan 2024 yilda umumiy qiymati 20 million dollarga teng 58 dam olish maskani, 250 dan ortiq mehmon uylari qurilib, 750 ta ish o‘rni yaratildi. Buning natijasida 30 million dollarlik turizm xizmatlari eksporti amalga oshirilib, 280 mingdan ortiq mahalliy turistlar tashrifi kuzatildi, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari – tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i Sobirjon Ikromov.
Xitoylik tadbirkor o‘zbek tilida so‘zladi
Yangiqo‘rg‘on tumanida xitoylik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Qandiyon G'isht” qo‘shma korxonasining qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodi yuzlab mahalliy aholi bandligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Qandiyon mahallasi hududida barpo etilgan g‘isht zavodining ta’sischisi O‘zbekistonda o‘n yildan ziyod yashab, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xitoylik investor Jang Jin Yong Press-tur qatnashchilari bilan o‘zbek tilida sof va ravon muloqotga kirishib, barchani hayratda qoldirdi.
Besh gektarlik maydonda tashkil etilgan korxonada 60 million dona g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Olti million dollar chet el investitsiyasi kiritilgan korxonada ishchilar o‘rtacha oyiga 9-10 million so‘m ish haqi olmoqda. Bundan tashqari bu yerdan g‘isht tashuvchi haydovchilar hamda boshqa tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ham daromad manbaiga ega.
Fermer qanot bo‘lmoqda
“Yangiqo‘rg‘on yangi tonggi” fermer xo‘jaligi tomonidan 10 gektar yer maydonda intensiv usulida ekilgan pomidor ko‘chatlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarning keng joriy etilayotgani yaxshi samara bermoqda.
Xo‘jalik ish boshqaruvchisi Abdulahad Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, pomidor yerga ekilsa, mavsum davomida kamida uch marta chopib, ishlov berish talab etiladi. Intensiv sharoitda esa faqat bir bor ishlov qilinadi, xolos.
O‘tgan yili boshlangan mazkur usulda 400 ming pomidor nihollari o‘tqazilib, uning har gektaridan 50 tonna mahsulot olindi. Mahsulot aholi dasturxoniga yetib borish bilan birga bir qismi qayta ishlanib, tadbirkor tomonidan tomat ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi. Bunday xayrli ishga yigirmaga yaqin ishchi jalb etilgan.
Qayd etish joiz, Yangiqo‘rg‘on tumanida 2025 yilda jami 1008 gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar, shundan, 350 gektarida tomchilatib, 50 gektarida yomg‘irlatib, 50 gektarida diskert, 518 gektarida egiluvchan quvur, 40 gektarida egatga plyonka to‘shab sug‘orish tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
[gallery-23060]
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri