Yangilangan sud binosi foydalanishga topshirildi
Sud-huquq tizimidagi islohotlar nafaqat qonunchilik va sud amaliyotida, balki odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik sharoitlarni yaxshilashda ham o‘z ifodasini topmoqda. Buxoro viloyati Shofirkon tumanida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining binosi foydalanishga topshirilishi ana shu jarayonning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Oliy sud raisining o‘rinbosari Sh. Polvonov, Shofirkon tumani hokimi M. Amonov, sud faxriylari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari hamda soha mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida sud-huquq sohasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlov sifatini oshirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida erishilayotgan natijalar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, sud tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, sudlarning mustaqil faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, eng muhimi, har bir fuqaro sudga murojaat qilganida o‘zini himoyalangan his etishiga erishish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Zero, odil sudlovning samaradorligi faqat qabul qilinayotgan qarorlar bilan emas, balki sud jarayonining ochiqligi, qulayligi va inson qadriga bo‘lgan munosabat bilan ham belgilanadi.
Shu ma’noda, sud binolarini zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash, sudyalar, xodimlar, fuqarolar va sud jarayonining boshqa ishtirokchilari uchun munosib sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shofirkon tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi binosida amalga oshirilgan kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. Binoning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanishi sud jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish, tashrif buyuruvchilar uchun qulay muhit yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Marosimda sud binosida faoliyat yuritadigan har bir sudya va xodim o‘z vazifasiga yuksak mas’uliyat bilan yondashishi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur anglashi lozimligi alohida qayd etildi. Chunki sudga bo‘lgan ishonch, avvalo, qonuniy, xolis va adolatli qarorlar orqali mustahkamlanadi.
Yangi sharoitlarda sud jamoasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir yakunida ramziy lenta qirqilib, ishtirokchilar binoning yangilangan qiyofasi, sud majlislari zallari va yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan tanishdilar.

Yangilangan sud binosi — bu shunchaki ta’mirlangan inshoot emas. U sud tizimida inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish, adolatli sudlov uchun munosib muhit yaratish va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi amaliy qadamdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri