Yangilanayotgan O‘zbekiston jurnalistikasi
Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, xalqimiz ma’naviyatini boyitish sohasidagi xayrli ishlarda jurnalistlarning munosib xizmati bor.
Poytaxtimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Yangi formatda tashkil etilgan bayram tadbiri “Yangilanayotgan O‘zbekiston jurnalistikasi: biz hamjihatlikda kuchlimiz!” shiori ostida o‘tdi va Vatan va yurt manfaatlari, xalqimiz saodati, jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni yanada mustahkamlash, jurnalistikaning umumiy prinsiplari yo‘lida birgalikda ish olib borish g‘oyasi ilgari surildi. Unga vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlari jurnalistika fakultetlarining professor-o‘qituvchilari va talabalari taklif etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarga qo‘shayotgan hissasi, axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoyalashdagi munosib xizmatlari, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh soha xodimlari Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mukofotlarni topshirdi.
"Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, "Mehnat shuhrati" ordeni sohiblari – «O‘zbekiston 24» telekanalining Namangan viloyati muxbiri O‘g‘ilxon Boltaboyeva, "Hurriyat" mustaqil gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov sohani rivojlantirish, milliy matbuotimizning ta’sirchanligini oshirishga katta e’tibor berilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov fuqarolarning so‘z erkinligiga doir huquqlarini ro‘yobga chiqarish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlash, soha xodimlarining manfaatlarini himoyalash uchun barcha huquqiy asoslar yaratilganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan 2017 yil 3 avgust kuni o‘tkazgan uchrashuvidagi “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” nutqida ilgari surilgan takliflar va g‘oyalar ijodiy tashkilotlar tarixida yangi davrni boshlab berdi. Prezidentimizning “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari milliy media muhitda katta voqea bo‘ldi.
Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda ommaviy axborot vositalari son, sifat va tarkib jihatdan yuksalmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 1800 dan ortiq OAV faoliyat olib bormoqda.
Fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim qismi bo‘lgan nodavlat ommaviy axborot vositalarining keng tarmog‘i shakllanib, samarali faoliyat olib borayotgani jamiyatimizda fikr va qarashlar rang-barangligini, o‘zaro ijodiy musobaqa muhitini ta’minlashga katta hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidlash lozim.bugungi kunda mavjud tele va radiokanallarning 66 foizini, bosma nashrlarning esa 50 foizdan ziyodini aynan nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyat ko‘rsatayotgani axborot sohasini rivojlantirish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilganidan yana bir dalolatdir.
Soha xodimlarini rag‘batlantirish, yangidan-yangi ijodiy parvozlar sari da’vat etish, kasb malakasi va mahoratini yuksaltirish, zamon talabiga uyg‘un mutaxassis kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda. Bu jihatlar jurnalistikamiz rivojiga xizmat qilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar, ijodiy bellashuvlar, grant-loyihalar, ijtimoiy dasturlarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Bu borada jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti, “Yilning eng faol jurnalisti”, «Eng ulug‘, eng aziz» singari tanlovlar, ”Jurnalistlar bahori”,“Ijtimoiy media maxsulotlar milliy festivali”, “Ozod yurt to‘lqinlari” kabi mediafestivallar ijod ahlining jamiyatdagi faolligini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish, iqtidor sohiblarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
OAV uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash milliy tizimining takomillashtirilishiga ham katta e’tibor berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetlarida, shuningdek, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida soha uchun kadrlar tayyorlanmoqda va hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta’minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish yo‘lida ish olib borilmoqda.
So‘zga chiqqanlar milliy ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, jahon andozalari talablari darajasida faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, ijodkorlar mehnatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladilar.
– Bugun yurtimizdagi ijobiy o‘zgarishlar media sohada ham ko‘zga tashlanmoqda, –dedi «O‘zbekiston 24» teleradiokanali» davlat unitar korxonasi direktori o‘rinbosari, «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi Shunqor Choriyev. – Kamtarona mehnatlarimiz yuksak qadr topganidan g‘oyat minnatdormiz. Bu mukofot Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida topshirilgani bilan ham biz uchun g‘oyat qadrlidir.
Bayram tadbiri san’at ustalari va yosh xonandalarning konserti bilan yakunlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA