Yangilanayotgan Konstitutsiya Xalq Konstitutsiyasidir!
Navoiy shahridagi “Yoshlik” ko‘li atrofida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir hamda konsert-shou dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yoshlar, faol xotin-qizlar, keng jamoatchilik, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi aholi va barcha soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Bosh qomusimizning mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimcha va o‘zgarishlar xalqimizning turmush farovonligiga, inson qadrining yuksalishiga xizmat qilishini ta’kidlab, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalqimiz uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lib, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulugunova. – Yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalarda barcha soha vakillari, xalqimiz faol ishtirok etdi. Barcha mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, muhokama etildi.
Darhaqiqat, 155 ta moddadan iborat bo‘layotgan Konstitutsiyamiz lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizalardan o‘tkazildi. Eng muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirilmoqda.
Unda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
– Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi, – deydi viloyat Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dildora Kattayeva. – Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanyapti. Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilyapti.
Gulchehra Beshimova 2001 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan. U yoshligidan taqdirning achchiq sinovlarini boshdan kechirdi. Dastlab onasidan, keyin esa otasidan ayrildi.
– Ota-onamdan ayrilganimdan keyin “Mehribonlik uyi”dan qo‘nim topdim, – deydi G.Beshimova. – U yerda ta’lim-tarbiya olib, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalandim. Hozirda Samarqand davlat universitetining yuridik fakultetida tahsil olmoqdaman. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda men kabi “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan bolalar huquqlari ham alohida muhrlanmoqda. Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda. Men ham 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan holda o‘z tengqurlarimni unda faol ishtirok etishga chaqiraman.
[gallery-11363]
Tadbirda poytaxtdan tashrif buyurgan xalqimizning sevimli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA