Yangi yo‘nalishlar va bozorlar: mintaqada iqtisodiy aloqalar qanday o‘zgarmoqda?
So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar tobora kengaymoqda. O‘zaro savdo o‘sib, yangi transport yo‘nalishlari va investitsiya loyihalari paydo bo‘lyapti, hamkorlik doirasi esa kengayib boryapti.
Bu jarayonda muhim o‘rin egallagan Yevrosiyo makonida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari bilan ko‘p tomonlama munosabat, shuningdek ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanmoqda.
SHHT doirasida hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ilgari surilgan “SHHT-2040” tashabbusi asosida sanoat kooperatsiyasi, transport bog‘liqligi va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Ayni jarayonda sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish, temir yo‘l tizimini integratsiyalash bo‘yicha kengash tuzish hamda SHHT Taraqqiyot bankini shakllantirish masalalari muhokama qilinmoqda. Transport, energetika, sanoat va raqamli infratuzilma ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Tabiiyki, O‘zbekistonning YeOII davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari kengaymoqda. 2025-yil ushbu davlatlar bilan savdo miqdori 20,2 milliard dollarni yoki mamlakat tashqi savdo aylanmasining 24,8 foizini tashkil etdi. 2017-2025-yillar mobaynida mazkur ko‘rsatkich 7,2 milliard dollardan 20,2 milliard dollarga ko‘tarildi. Eksport 3,3 milliard dollardan 6,9 milliard dollarga, import esa 3,9 milliard dollardan 13,3 milliard dollarga yetdi. YeOII davlatlari bilan savdoda Rossiyaning ulushi 64,4 foiz, Qozog‘istonniki 24,7 foiz.
O‘zbekiston 2020-yil dekabridan buyon YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Bu tashkilotning ayrim tadbirlarida ishtirok etish va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish imkonini beradi. Ya’ni, YeOII doirasidagi sheriklik O‘zbekiston tashqi savdosi yo‘nalishlaridan biri, xolos. “Stat.uz” ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil mamlakat tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollardan oshdi. Eng yirik savdo hamkorimiz – Xitoyning tashqi savdodagi ulushi 21,2 foiz. Bu borada keyingi o‘rinlarni Rossiya – 16 foiz, Qozog‘iston – 6,1 foiz, Turkiya – 3,7 foiz va Janubiy Koreya – 2,1 foiz egallagan.
Rossiya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. 2025-yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qiymati 13 milliard dollardan oshib, joriy yil boshida yana 32 foiz o‘sdi. Tomonlar 2030-yilga qadar o‘zaro savdo miqdorini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgilab olgan.
O‘zbekistonda Rossiya kapitali bilan 3 200 korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zaro hamkorlik savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Transport aloqalari ham ikki tomonlama munosabatning ajralmas qismidir. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida haftasiga 367 muntazam aviareys amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil yurtimizga qariyb 1 million rossiyalik sayyoh kelgan.
Energetika sohasi alohida yo‘nalish. Jizzax viloyatida “Rosatom” ishtirokida atom elektr stansiyasi qurilyapti. Loyiha har biri 1000 MVt quvvatga ega ikki energiya majmuasi hamda 55 MVt quvvatli ikki blok bunyod etilishini ko‘zda tutadi. Mazkur ob’ekt yiliga qariyb 17 milliard kVt/soat energiya ishlab chiqarishi kutilyapti.
Muxtasar aytganda, mintaqaning tashqi iqtisodiy aloqalari tobora kengayib, yangi-yangi yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. YeOII bilan birga Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa hamkorlar bilan aloqalar ham rivojlanmoqda. Yangi transport yo‘nalishlari, investitsiya loyihalari, savdoni raqamlashtirish va energetika infratuzilmasi esa jarayonning muhim tarkibiy qismlaridir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA