Yangi yo‘l o‘tkazgich bayramga munosib tuhfa bo‘ldi
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi nishonlanayotgan shodiyona kunlarda Sirdaryo tumanining Ziyokor mahallasi hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M34 "Toshkent--Dushanbe" yo‘lining 82-kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgichning rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirilgani aholiga va shu yo‘ldan o‘tuvchilar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
Mazkur yo‘l o‘tkazgichning qurilish va rekonstruksiya ishlari "Ko‘prikqurilishfoydalanish" unitar korxonasi ishchi- xizmatchilari tomonidan amalga oshirildi.

Yo‘l o‘tkazgich tufayli avtotransport vositalari va aholining xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoit yaratilib, 141 metr metall bezakli himoya panjaralari, 4127 metr metall himoya to‘siqlari, 96 dona ikki shoxli ruhlangan metall yoritish ustuni, 290 dona quyosh paneli yoritish chirog‘i, 108 dona yo‘l belgisi o‘rnatildi.


— Sirdaryoda ishga tushirilgan yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiyadan oldin yo‘lovchi, avtotransport vositalarining o‘tib- qaytish talablariga javob bermay qolgandi. Davlatimiz rahbarining e’tibori sabab, yo‘l o‘tkazgich qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bundan nafaqat biz, tuman, viloyatimiz ahli, qolaversa, yo‘ldan o‘tuvchi mahalliy va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan avtotransport vositalari haydovchilari mamnun bo‘ldi, — deydi mehnat faxriysi Akbarali Mirzaahmedov.
G‘ulom Primov, O‘zA