"Yangi yilni yangi uyda kutib olamiz"
Yangi yil bayrami arafasida Andijon viloyatidagi uy-joyga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatda yashayotgan va nogironligi bo‘lgan 132 nafar xotin-qizga yangi uy-joylar topshirildi.
Uylarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda odamlarning og‘irini yengil qilish, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga ko‘maklashish, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar vakillarini, nogiron, og‘ir sharoitlarda yashayotgan ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-5192]
- Yillar davomidagi orzu-umidlaringiz, maqsadlaringiz ro‘yobini ko‘rish, quvonchli kuningizga sherik bo‘lish menga ham katta quvonch bag‘ishlaydi, - deydi viloyat hoyeimi. - Bugun taqdir taqozosi bilan hayotda og‘ir sinovlarni boshidan o‘tkazgan, mana shunday quvonchli kunlar kelishini kutib yashagan 132 nafar turar-joyga o‘ta muhtoj, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarimiz zamonaviy, barcha qulayliklarga ega uy-joylar bilan ta’minlandi.
Keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham kam ta’minlangan, jismoniy imkoniyati cheklangan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Saxovat va ko‘mak” umummilliy harakati doirasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan taqdir yo‘llarida o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan va imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda noturar joylarda istiqomat qilib kelayotgan, o‘z uy-joyi bo‘lmagan 120 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi. Buning uchun 3 milliard 728 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari, 255 nafar uy-joyi ta’mirga muhtoj 1-guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizning uy-joylari hokimliklar va homiylar tomonidan ta’mirlab berildi.
Yangi yil bayrami arafasida 132 nafar ana shu toifadagi ayollarga Xo‘jaobod tumanining Ittifoq massivida barpo etilgan barcha qulayliklarga ega 2 xonali yangi uylar topshirildi.
- Uch nafar fazandim bilan ko‘p qavatli uyning uch xonali xonadonida yashayman, - deydi yangi uy sohibalaridan biri Oltinko‘l tumanidagi Markaz mahallasida yashovchi Gulchechak Nuriyeva. – Farzandlarimning biri 2-guruh nogironi. Bir o‘g‘lim oilasi bilan ijarada yashaydi, ikki farzandim bilan birgamiz. Sharoitimiz og‘irligidan farzandlarimga alohida uy-joy qilish imkoni bo‘lmayapti. Mana oilamizga subsidiya hisobidan ikki xonali uy berildi. Uyning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan to‘lab berildi. Minnatdormiz.
Shahrixon tumani Qumtepa mahallasida yashovchi Gulnozaxon Usmonova oilasi ham yangi uy-joy olgan oilalardan biri. Turmush o‘rtog‘i va bir nafar o‘g‘li 1-guruh nogironi. Ushbu oila bir necha yillardan buyon birovlarning uyida, ijarada yashab kelayotgan edi.
- Bugun mendan baxtli inson yo‘q, - deydi G. Usmonova. - Uyli bo‘ldim. Endi o‘z uyim bor, xotirjam yashay olaman. Davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligidan yashashga bo‘lgan umidim, davlatim, yaxshi insonlarga ishonchim ortdi. Qiynalib yashayotgan men kabi ayollar holidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotgan insonlarga, mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimizga rahmat.
Bo‘ston tumanidagi “Bog‘i eram” mahallasida yashovchi Shohidaxon Qobulova ham 2 nafar farzandini yolg‘iz o‘zi voyaga yetkazmoqda. Farzandlaridan biri 1- guruh nogironi.
- Ota-onamning qaramog‘ida 2 farzandim bilan 14 yil yashadim, - deydi u. - Ro‘zg‘ordan ortib, alohida uy-joy qila olmadim. Ota-onam qarib qoldi, hayotda juda qiynaldim. Shukr, endi yangi yil bayramini yangi uyda kutib olamiz.
Subsidiya asosida 20 yil muddatli kredit hisobiga topshirilgan 132 ta yangi uyning boshlang‘ich to‘lovi uy sohibalariga davlat tomonidan to‘lab berildi.
Yangi uylar kalitini o‘z egalariga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov topshirdi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA