Yangi yildan yangi tizim ishga tushadi
Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi qaroriga asosan, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash maqsadida 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran butunlay yangi tizim – har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda.
Mazkur hujjatda hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilishi belgilangan edi. Ayni paytda mazkur komissiya hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida iqtisodiyot va investitsiya komplekslariga kiruvchi vazirlik, idoralar, tijorat banklarining mas’ul xodimlarini har bir tuman va shaharga biriktirgan.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari Respublika komissiyasi va respublika vakillarining ishchi organlari etib belgilangan.

Komissiya a’zolari shaharchalar, qishloqlar, ovullarda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etadi. O‘zi biriktirilgan hududdagi respublika vakillari faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi uchun mas’ul va javobgar bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birga o‘zi biriktirilgan hududga ajratilgan mablag‘larning tuman va shaharlar kesimida taqsimlanishini ta’minlaydi.
bugungi kunda mazkur qaror ijrosi doirasida barcha viloyatlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Xorazm viloyati bo‘yicha vakolatli ofisi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Xorazm filiali xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tijorat banklaridan oilaviy tadbirkorlikni yuritish uchun imtiyozli kreditlar olish istagidagi fuqarolar, o‘z biznes faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxslar uchun o‘tkazilayotgan o‘quv kurslari ham shular jumlasidandir. Shuningdek, hududlarga chiqqan holda mutaxassis kadrlar va tegishli soha mutaxassislari bilan hamkorlikda master klaslar o‘tkazilayotir.
Xorazm viloyati Urganch tumanida hokim yordamchilari xuquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirish jarayonida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikatlar berildi. Respublikadan biriktirilgan vakillar toomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari davom etmoqda.
Nilufar Bozorova,
O‘zA