Yangi yildan tibbiyot sohasida nimalar o‘zgaradi?
Bu yil 1 yanvardan bolalar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun «tibbiyot brigadalari» tarkibiga qo‘shimcha 4 900 ta o‘rta tibbiyot xodimi (pediatriya hamshirasi va doya) shtati ajratiladi.
«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mln.dan 4,5 mln so‘mgacha) oshiriladi.
Shuningdek, ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish imkoniyati yaratiladi.
Shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olishi mumkin bo‘ladi.
Doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi.
Donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 foizi (27 ming 600 so‘m) belgilanadi.
Immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.
Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.
O‘zA