Yangi yilda yangi shifo maskani
Namangan viloyatida har yili shonli sana va bayramlar arafasida ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlarini foydalanishga topshirish an’anaga aylangan. Xususan, Yangi yil bayramiga munosib tuhfa sifatida, Namangan shahrining Qadamjo mahallasi hududi, Boburshoh ko‘chasida “Boburshoh Medical Center” salomatlik markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat sektor rahbarlari, nuroniylar, sog‘liqni saqlash muassasalari mutasaddilari va jamoatchilik vakillari hozir bo‘ldi.

Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, qolaversa, tibbiy turizmni rivojlantirish borasida bu kabi yangi shifo maskanlarining o‘rni va ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi. Uzoq vaqtdan beri qarovsiz turgan bino aka-uka tadbirkor Tolibjon va Alisher Egamberdiyev tomonidan 25 milliard so‘mlik loyiha (shu jumladan 15 milliard so‘m – “Infinbank” krediti) hisobidan ta’mirlandi hamda Germaniya, Avstriya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.

Xususiy klinikada 60 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Salomatlik maskanida terapiya, nevrologiya, kardiologiya, endokrinologiya va ginekologik kasalliklar davolanadi. Fizioterapevtik muolajalar, ayniqsa, shifobaxsh ma’danli suv yordamida sog‘liqni tiklash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.


E’tiborlisi shundaki, ushbu hududda 1991 yili 2 ming 200 metr chuqurlikdan +52 daraja issiq haroratda bo‘lgan ma’danli suv qazib chiqarilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA