Yangi yil yarmarkalaridan aholi mamnun (+video)
Joriy yilning 12 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda Yangi yil bayramini nishonlash uchun aholiga qulay sharoitlar yaratish masalasi muhokama qilinib, unda madaniy-ma’rifiy, badiiy tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish, ko‘ngilochar dasturlar, xizmat ko‘rsatish turlarini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash mutasaddi rahbarlarga yuklatildi.
Bayram shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yuksaltirish, barcha turdagi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini aholiga arzon narxlarda yetkazib berish maqsadida Jizzax shahrining “Eski shahar” dehqon bozorida an’anaviy qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada 40 turdan ziyod oziq-ovqat, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligi hamda qandolatchilik mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda.
– Quvonarlisi, ushbu yarmarka, nafaqat bayram arafasida, balki yil 12 oy ishlab turadi va men hamisha ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlarni shu yerdan olaman, – deydi Sharof Rashidov tumani Uchtepa dahasida yashovchi, mehnat faxriysi O‘ktam To‘raqulov. – Muhimi, mahsulotlarning sifati yuqori, narxi esa ancha arzon.
– Do‘stlik tumanidan kelgandim. “Eski shahar” dehqon bozori hududidagi “Bayram yarmarkasiga xush kelibsiz” degan yozuvni o‘qib, ichkariga kirdim, – deydi Nargiza Rizayeva. – Hamma mahsulotlar bozordagidan ancha arzon. Masalan, bozorda 1 kilogramm mol go‘shti 80 ming, qo‘y go‘shti 85 ming so‘m, ushbu yarmarkada esa 60 ming so‘mdan ekan. Yog‘, shirinlik, ho‘l mevalarning narxi ham do‘kondagi va bozordagidan arzon. Shunday bo‘lgach, mahsulotlarni, albatta, yarmarkadan olamizda. Yangi yil bayrami arafasida davlatimiz tomonidan aholiga yaratilayotgan bunday qulayliklardan minnatdormiz.
– Bozorda narx-navoning asossiz oshib ketmasligini ta’minlash maqsadida mavsum davomida dehqon-fermerlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilgan, – deydi “Eski shahar” dehqon bozori raisining o‘rinbosari Aziz Yo‘ldoshev. – Ayni paytda barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 1 ming 40 tonna zaxirasi mavjud bo‘lib, bu 2024 yilning may oyigacha yetadi.
[gallery-15152]
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 fevraldagi “Ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash va aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bozorlar va ulardagi narx-navolarning barqarorligini ta’minlash hamda bayram kunlarida Jizzax shahar va viloyat aholisini asosiy turdagi oziq-ovqatlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan ishlar yil davomida izchil amalga oshirilmoqda, – deydi Jizzax viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Feruz Begmuhammedov. – Yangi yil bayrami arafasida viloyatning barcha shahar va tuman markaziy bozorlari, aholi gavjum joylarda barcha turdagi arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik, oziq-ovqat, go‘sht, sut mahsulotlari yarmarkalari hamda olis qishloqlar aholisi uchun ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uibCgLHGy84" title="Yangi yil yarmarkalaridan aholi mamnun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video),
O‘zA muxbirlari