Yangi uyga kelin olib kelayapmiz
Mirzaobod tumanidagi Yangi O‘zbekiston mahallasini shu yil bahorda ko‘rgan odam endi ko‘rsa, tanimasligi aniq. Boisi, “Sardoba” suv ombori toshqini ortidan suv ostida qolgan mahalla endilikda 40 dan ortiq uylarni o‘ziga jamlagan zamonaviy shaharchaga aylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda Oqoltin tumanining Shodlik, Sahovat, Ahillik hamda Mirzaobod tumanining Do‘ngariq, Mirzacho‘l va Haqiqat mahallalarida yashovchi uylari yaroqsiz holga kelgan xonadon egalari uchun 800 xonadondan iborat 20 ta ko‘p qavatli uy qurilib, o‘z egalariga berildi.
Shuningdek, Navbahor mahallasi hududida Oqoltin tumanining Shodlik va Mirzaobod tumanining Navbahor mahallalari aholisi uchun 360 ta xonadonli 9 ta ko‘p qavatli uy-joy qurildi.
Yangi uylarda yaratilgan sharoit bilan tanishar ekanmiz, xonadonlarning keng, yorug‘ va shinamligi, barcha zarur sharoit muhayyo etilgani, qolaversa, ko‘p qavatli uylar atrofida zamonaviy kutubxona, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, bolalar bog‘chasi va o‘yingohlari, maktab joylashgani e’tiborimizni tortdi.
- Bunday sharoitga ega uy, avvalo, davlatimizning bizlarga ko‘rsatayotgan e’tibordan odam rozi bo‘lmay bo‘ladimi?!, - deydi Yangi O‘zbekiston mahallasida yashovchi Abduxalil Jo‘rayev. – Yangi uyga qo‘shib yangi maishiy texnikalar, 40 million so‘mdan kompensatsiya berildi. Bundan tashqari, eski uyimiz ham o‘zimizga qoldi. Nafaqat uyimiz, mahallamizda ham barcha zarur sharoit mavjud. Bolalar bog‘chasi, sartaroshxona, nonvoyxona, kutubxona uyimiz yonginasida. Kelinim uyda ishsiz edi, tikuv fabrikasiga chevarchilikka ishga qabul qilishdi.
Darhaqiqat, suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga 40 million so‘m miqdorida moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, mini pech, elektr choynak, dazmol kabi maishiy texnikalar berilmoqda.
- Endi kelin olamiz deb, uyimizni ta’mirdan chiqargan edik, - deydi Aziza Ismatova. – Ushbu voqeadan keyin tushkunlikka tushib qoldik. Shukrki, bizga barcha sharoitlarga ega 3 xonali uy, 40 million so‘m pul va turli maishiy texnikalar berishdi. O‘g‘limning to‘yini o‘z uyimizda o‘tkazayapmiz.
Bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Adliya vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan mazkur uy-joylarni aholiga adolatli va shaffof tarzda topshirilishi ta’minlanmoqda.
Jumladan, bugungi kunga qadar ishchi guruhi tomonidan 2 ming 932 ta oilaning uy-joy olish masalasiga oid murojaatlari qabul qilinib, qariyb bir oy davomida o‘rganib chiqilgan. Mahalla faollari, qo‘ni-qo‘shnilarning fikr-mulohazalari va munosabatlari inobatga olingan holda qur’a tashlash yo‘li bilan Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarida jami 1 ming 842 ta xonadon o‘z egalariga topshirilgan. Shundan, 1 ming 753 ta xonadon egalari o‘z uylariga ko‘chib o‘tgan. Fuqarolar bilan kelishib, uylarning birinchi qavati qariya va nogironligi bor oilalarga ajratilgan.
Mutasaddi rahbarlarning ma’lum qilishicha, yangi uy-joylar bo‘yicha 53 ta muammo aniqlangan. Jumladan, daladan bir xonali uy qurib, o‘sha uyda bir kun ham yashamagan fuqarolar yangi uy berilishini so‘ramoqda. Ushbu holat ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilib, shu oyning oxirigacha ularga ham uy berilish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, umuman uyi yo‘q, ijarada yashayotgan 26 fuqaro yotoqxona tartibida qurilgan uylarga joylashtirilgan.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA