Yangi umid, yangi hayot va ertangi kunga ishonch
Bugungi kunda mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ayniqsa, ijtimoiy sohani yanada takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar va ehtiyojmand fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro tumani Xonobod mahallasi ham ana shunday ezgu ishlar izchil amalga oshirilayotgan hududlardan. Bugungi kunda mahallada 8603 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ular orasida 46 nafar ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar va 120 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud.
Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Shahnoza Baqoyeva ana shunday insonlarga umid bag‘ishlayotgan, qalbida mehr va mas’uliyatni uyg‘un etgan fidoyi mutaxassislardan. U o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashib, har bir murojaat ortidagi inson taqdirini chuqur his etadi.

Shahnoza Baqoyevaning hayotiy tajribasi ham uning kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Uning farzandlari alohida ta’limga ehtiyoj sezgani bois, u ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning dardi, ehtiyoji va orzularini yanada chuqur anglaydi. Shu bois uning har bir harakatida samimiylik va mehr ustuvor.

Mahallada ijtimoiy xizmatlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Har bir oilaga individual yondashuv asosida ko‘mak ko‘rsatilib, ehtiyojmand fuqarolar doimiy e’tibor markazida. Bu esa o‘z navbatida ko‘plab oilalarda ijobiy o‘zgarishlar qilishga, insonlarda hayotga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Jumladan, fuqaro Raim Shodiyevga 1-guruh nogironligi belgilanib, u “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida kunduzgi qarab turish xizmatiga jalb etildi. U maxsus aravacha bilan ta’minlanib, moddiy yordamlar ajratildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha yordamlar ko‘rsatilib, kommunal to‘lovlar bo‘yicha kompensatsiya belgilandi.
Yoqut Shodiyevaga davolanish uchun moddiy ko‘mak ajratildi, uning nevarasi Rustam Muhiddinovni vasiylikka olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Muhammad Safoyev esa homiylik asosida kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritildi va doimiy moddiy yordamga ega bo‘ldi. Uning qizi Muharram maktabgacha ta’lim muassasasiga imtiyozli joylashtirildi.

Mustafo Ostonovga ham kompleks yordamlar ko‘rsatilib, u maxsus aravacha va tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Eng ahamiyatlisi, uning onasi Muhayyo Vohidova “Faol hayotga qadam” dasturi orqali ish bilan ta’minlandi. Javonsher Arabov esa PTPK ko‘rigidan o‘tkazilib, “G‘amxo‘rlik guruhlari”ga jalb etildi va parasportga yo‘naltirildi.
Shunday fidoyi insonlar mehnati bilan ehtiyojmand oilalarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy ko‘mak ham yetkazilmoqda. Bu esa jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlab, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi. Eng muhimi, har bir ko‘rsatilgan e’tibor ortida yangi umid, yangi hayot va ertangi kunga ishonch mujassam.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.