Yangi tizim molini xavfdan asramoqchi bo‘lgan chorvador uchun qay darajada muhim?
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, ko‘pchilikni qiziqtirayotgan va turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biriga ko‘zingiz tushadi. Odamlar “Davlatning it va mushuklarga pasport berishdan boshqa muhimroq ishi qolmabdimi?”, “Endi mollarimizni ham “ZAGS”dan o‘tkazamizmi?” deb hazil qilishmoqda.
Buni ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlik sifatida qabul qilayotganlar ham bor. Aholining bunday e’tiroz va hazil qilishlari tabiiy hol. Jarayonni to‘g‘ri tushunish kerak. Ammo bu masalaga yuzaki kulgi yoki e’tiroz bilan emas, hayotiy mantiq asosida e’tibor qilish lozim.
Bundan bir necha yil avval qishloqda bo‘lgan bir voqea haligacha yodimda. Qo‘shnining yaylovda elning chorvasi bilan yuradigan sigiri to‘satdan ozib, orqaga ketdi. Veterinar chaqirildi. U molning o‘tkir va yuqumli kasallikka chalinganini aytdi. Eng yomoni, bu ofat atrofdagi qaysi podadan o‘tganini, sigir avval qayerdan olib kelinganini egasi ham aniq aytolmadi. Oqibatda butun qishloq chorvadorlari hadikka tushdi. Qanchadan-qancha odam molini bozorga chiqarolmay, sutini sotolmay sarson bo‘ldi.
O‘shanda hamma “Qani edi qaysi mol qayerdan kelgani, qachon va nimaga qarshi emlangani bir joyda aniq yozib qo‘yilgan tizim bo‘lsa...” deb gapirgandi. Joriy yilning 7-avgustidan kuchga kiradigan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun aynan ana shunday hayotiy muammolarga barham berish uchun muhim.
Masalaning mohiyati shundaki, gap biror byurokratik qog‘ozbozlik yoki navbatlarda sarson bo‘lish haqida ketayotgani yo‘q. Chorvaga raqamli sirg‘a taqish orqali yagona elektron bazaga kiritish amaliyoti boshlanadi. Bu xuddi avtomobilga davlat raqami berilganidek yoki telefonlarimiz tizimga biriktirilganidek zamonaviy jarayon sanaladi.
– Bu tizim bilan elektron ro‘yxatda turgan molni o‘g‘irlash va noqonuniy sotishda zarur qiyinchiliklar tug‘iladi, – dedi Hayvonlarni identifikatsiya qilish markazi mutaxassisi G‘ayrat Qo‘ziboyev. – Chunki bozorga olib chiqilgan chorvaning egasi kimligi soniyalar ichida aniqlanadi. Shuningdek, agar biror molda xavfli kasallik aniqlansa, butun tuman yoki viloyatga karantin qo‘yib, hammani sarson qilmasdan, faqat o‘sha kasallik chiqqan yagona xonadon yoki fermani tezkor bloklash imkoni tug‘iladi. Bundan tashqari, bu dasturxonimizga keladigan go‘sht va sut mahsulotlarining sog‘lom hamda toza bo‘lishini kafolatlaydi. Zero, davolanayotgan yoki antibiotik yuborilgan hayvonning go‘shti ma’lum muddat sotuvga chiqmasligi tizimda nazorat qilinadi. Shunday ekan, it va mushuklarni ro‘yxatga olish ham shunchaki ermak emas. Bu ularni o‘z vaqtida quturishga qarshi tekin va tizimli emlash, egasiz hayvonlar ko‘payishining oldini olish kabi masalalarni hal etishda ahamiyatga ega.
Bu tartib O‘zbekistonda o‘ylab topilgan yangilik emas. Dunyoda qulog‘ida maxsus sirg‘asi yoki chipi bo‘lmagan hayvonni bozorga chiqarish, go‘shtini sotish umuman mumkin bo‘lmagan davlatlar ko‘paya boshladi. Xalqaro tajribada “fermadan dasturxongacha” bo‘lgan zanjir aynan shunday nazorat qilinadi.

“Xo‘sh, agar bu tizim bizda ishlamasa va hamma narsa eskichasiga qolib ketsa nima bo‘ladi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunday holda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi kuchayadi. Odamlar bir kechada bor-budi bo‘lgan chorvasidan ayrilib qolish xavfi ortadi. Kasalliklar sababli chorva soni kamaysa, bozorda go‘sht va sut narxi keskin qimmatlashishi – oddiy matematika. Natijada, bozorlarimizda sifatsiz va xavfli go‘sht mahsulotlari ko‘payishining oldini olish umuman imkonsiz bo‘lib qoladi.
Albatta, bunday yirik tizimni bir kunda yoki bir oyda mukammal ishlatib bo‘lmasligini davlat ham, mutaxassislar ham yaxshi tushunadi. Shu sababli qonunda hammasi bosqichma-bosqich va odamlarga ortiqcha tashvish tug‘dirmaydigan tarzda belgilangan.
Misol uchun qoramol va qo‘y-echkilar tug‘ilgach bir oy ichida, it va mushuklar esa uch oygacha bo‘lgan muddatda ro‘yxatga olinadi. Eng muhimi, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Qonun avgustda kuchga kirsa-da, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan uy hayvonlarini saqlaganlik uchun javobgarlik 2028-yil 1-yanvardan boshlab joriy etiladi. Demak, har bir xonadon egasiga va chorvadorga yangi tizimga bemalol, shoshilmasdan ko‘nikib olishi uchun qariyb ikki yarim yil vaqt berilmoqda. Tizimning dastlabki ijobiy natijalari va foydasi yaqin yillarda bozorlarimizdagi narx-navo barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligida yaqqol ko‘rina boshlasa ajab emas.
«Molga pasport, itga hujjat» degan gaplarni birinchi eshitganimizda biroz erish tuyulishi mumkin. Ammo uning ortida oilamiz tinchligi, dasturxonimiz to‘kinligi va sog‘lig‘imiz yotibdi. Tartib va aniq hisob-kitob bor joyda esa hamisha baraka va xavfsizlik bo‘ladi. Bu yangilikka ortiqcha majburiyat emas, balki ertangi xotirjamligimiz kafolati sifatida qaraydigan bo‘lsak, undan faqat o‘zimiz manfaat topamiz.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri