Yangi tizim: amaliyot va samara
“Yagona milliy mehnat tizimi”ga kiritmaslik holatlari uchun 1-sentyabrdan maʼmuriy chora koʻriladi.
Qaror va ijro
“Yagona milliy mehnat tizimi”ga kiritmaslik holatlari uchun 1-sentyabrdan maʼmuriy chora koʻriladi.
Prezidentimizning 2019-yil 31-oktyabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, barcha yuridik shaxslar tomonidan 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish, mehnat daftarchalariga kiritiladigan yozuvlarni majburiy roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan.
– Mazkur qarorning 12-bandiga koʻra, mehnat shartnomalarini, amaldagi mehnat shartnomalariga oʻzgartirishlarni, ularning tugatilishini mazkur yangi tizimda oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek, elektron mehnat daftarchasini shakllantirish uchun masʼuliyat ish beruvchi zimmasiga yuklatilgan – deydi Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muxtor Rustamov. – Bunda ish beruvchilarga ish beruvchilar va xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlarini, shu jumladan, mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ularni tugatish tartib-taomillarini elektron roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirish belgilangan.
Ish beruvchilarning tuzilmasi (shtatlar jadvali), shu jumladan, mavjud va yaratiladigan ish oʻrinlari, mehnat sharoitlari, mehnatga haq toʻlash shartlari toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish, xodimning mehnat stajini hisoblash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, hisoblangan ish haqi va jismoniy shaxslarning mehnatga haq toʻlash koʻrinishidagi daromadlariga hisoblangan soliqlar, fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya jamgʻarmasi hisobiga toʻlovlar haqidagi axborotga asoslangan elektron mehnat daftarchasida jismoniy shaxslarning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish va yuritish vazifalari yuklatilgan.
Qaror ijrosi yuzasidan shu paytgacha viloyat boʻyicha barcha – 41 ming 439 ish beruvchi tizimda roʻyxatdan oʻtkazildi. Ularda ishlovchi 458 ming 840 nafar jismoniy shaxsdan 443 ming 54 nafarining mehnat munosabatlariga oid maʼlumotlari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettirilgan.
Boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari taʼkidlashicha, viloyatning ayrim hududlarida mazkur qaror talablariga rioya etmayotgan ish beruvchilar ham mavjud. Bunday masʼullar ishchi-xodimlarning mehnat munosabatlariga oid maʼlumotlarini 2020-yil 1-sentyabrdan kechiktirmasdan “Yagona milliy mehnat tizimi”da roʻyxatdan oʻtkazishlari lozim. Ushbu maʼlumotlarni belgilangan muddatda tizimga kiritmaslik yoxud kechiktirish holatlariga yoʻl qoʻyilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasi birinchi qismiga asosan javobgarlik chorasi qoʻllaniladi.