Yangi ta’mirdan chiqarilgan shifoxona binosi foydalanishga topshirildi
Poytaxtimizda xalqimiz salomatligi va ertangi kunimiz kelajagi uchun xizmat qiladigan shifoxona foydalanishga topshirildi.
Shayxontohur tumanidagi 4-son bolalar klinik shifoxonasi binosidan 1970 yildan buyon foydalanib kelinadi.


Yillar davomida bino eskirib, tomi, eshik-romlari va kommunikatsiyalari yaroqsiz holga kelgan edi. Shu bois, shifoxona butunlay kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.


Jumladan, tom va romlar yangilandi, muhandislik tarmoqlari qayta qurildi, barcha xonalar zamonaviy talablarga moslashtirildi hamda bino atrof hududi asfalt qilinib, ko‘kalamzorlashtirildi.
Endilikda, bu yerda aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatadigan shifokor va tibbiyot hamshiralari faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan bu maskan bemor bolalar uchun yanada qulay, yorug‘ va shinam muhitga aylandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA