Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi – islohotlarimiz poydevori
Mamlakatimiz asosiy Qonunida belgilangan eng muhim prinsiplar, ya’ni xalq hokimiyatchiligi, konstitutsiya va qonunning ustunligi, shuningdek, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar kabi konstitutsiyaviy normalarni hayotga yanada kengroq tatbiq etishga zamon talablaridan kelib chiqib yondashuv boshlandi.
Konstitutsiyamizning asosiy prinsiplaridan biri O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishidir. Shuningdek, mamlakatimiz asosiy Qonunida belgilanganidek, davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radi. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas. Bu esa o‘z navbatida, huquqiy normalar, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilash, o‘zgartirish va bekor qilishga qaratilgan umummajburiy xarakterdagi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan rasmiy hujjat hisoblanadigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladigan idoralar va mansabdor shaxslar oldiga bir qator mas’uliyatlar yuklaydi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar doirasida inson-huquq va erkinliklarini himoya qilishning barcha vositalaridan to‘laqonli foydalanilmoqda. Qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatli jamiyat barpo etish bu bir kunlik ish emas. Qolaversa, eng taraqqiy etgan mamlakatlarda ham tom-ma’nodagi qonun ustuvorligi ta’minlangani va adolatli jamiyat barpo etilganiga hozircha guvoh bo‘lganimiz yo‘q. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shart.
Yangi O‘zbekistonda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ustunligi so‘zsiz tan olinishi, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi, birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emas.
Xulosa o‘rnida aytganda, mamlakatimizda suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat barpo etishda Konstitutsiya va u asosida yaratilgan qonunlarimizning ustuvorligi jamiyat taraqqiyoti va ravnaqini belgilab beruvchi eng muhim omil hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyamiz – baxtimiz qomusi, ertangi porloq hayotga yetkazuvchi yo‘lidir.
Sh.Axunbayev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining raisi.