Yangi sayyohlik manzili qad rostlamoqda
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Bu jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur hujjatda hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, turizmni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Bugun Arnasoy ana shunday ulkan maqsadlar ro‘yobga chiqayotgan hududlardan biriga aylanib bormoqda. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bag‘rida joylashgan bu maskan tabiiy manzaralari, betakror ekotizimi va sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi imkoniyatlari bilan yil sayin ahamiyatini oshirmoqda. Har faslga mos sayyohlik yo‘nalishlari shakllanayotgani esa tumanning turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.
Sohada malakali kadrlar tayyorlash va aholining turizm bo‘yicha bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tumandagi “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun o‘quv seminari tashkil etildi. Unda ishtirokchilarga turizm xizmatlarini samarali tashkil etish, mehmon uylari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, servis sifati va mehmondo‘stlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, hududning ichki va tashqi turizm imkoniyatlarini kengaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish hamda turizm orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish yuzasidan atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi. Seminar qatnashchilari sohada tadbirkorlik faoliyatini boshlash, mavjud imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.
Tumandagi eng muhim yangiliklardan biri esa Navro‘z qo‘rg‘onida “Navro‘z” turizm qishlog‘i barpo etilishi bilan bog‘liq. Aydar-Arnasoy ko‘llari atrofidagi ulkan sayyohlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish maqsadida Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov “ye-auktsion” platformasi orqali yer uchastkalarini xarid qilgan 51 nafar fuqaro bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida loyiha doirasida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma yaratish hamda sayyohlar uchun barcha qulayliklarni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, auksion g‘oliblariga “Navro‘z” turizm qishlog‘ining namunaviy loyihasi taqdim etildi va qurilish hamda obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ahamiyatlisi, mazkur tashabbus davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi qarorida belgilangan turizm xizmatlarini rivojlantirish, turizm mahallalari va sayyohlik maskanlarini barpo etish, aholi bandligini ta’minlash hamda daromad manbalarini ko‘paytirish vazifalari bilan hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.
“Navro‘z” turizm qishlog‘i nafaqat yangi mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va dam olish maskanlarining paydo bo‘lishiga, balki hududda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu loyiha Arnasoyning boy tabiiy imkoniyatlarini iqtisodiy o‘sish manbaiga aylantirib, aholi farovonligini oshirishga mustahkam zamin yaratadi.
Kelajakda Navro‘z qo‘rg‘onida qad rostlaydigan mazkur turizm qishlog‘i Arnasoy tumanining sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirib, uni mamlakatimizdagi eng jozibador va zamonaviy turistik manzillardan biriga aylantirishi shubhasiz.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri