Yangi qurilayotgan binolarning zilzilabardoshlik talablariga javob berishi qanday kafolatlanadi?
Dunyoda talafotli zilzilalar soni ortib borayotgan bir paytda seysmik xavfsizlikni ta’minlash, sohani doimiy takomillashtirib borish, mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini nazorat qilish yuzasidan mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Toshkent arxitektura-qurilish universiteti texnika fanlari falsafa doktori Jaloliddin Tohirov yuqoridagi kabi masalalar yuzasidan O‘zA muxbirining savollariga javob berdi.
– Har yili yer sharida 100 mingga yaqinga zilzilalar sodir bo‘lib, o‘rta hisobda har 5 minutda bir marotaba yer silkinadi. Aksariyat zilzilalar sezilmay o‘tadi, – deydi Jaloliddin Tohirov. – Yuz bergan zilzilalardan 10 ga yaqini vayronkor bo‘lishi mumkin. Bunga Turkiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Tayvan va boshqa hududlarda ro‘y bergan zilzilalarni misol qilish mumkin. So‘nggi 10 yil mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan falokatli zilzilalar oqibatida 900 mingdan ziyod inson qurbon bo‘lgan, 2,5 milliondan ortiq kishi jabrlangan, umumiy iqtisodiy zarar esa 360 milliard dollarni tashkil etgan. O‘zbekiston seysmik faol hududda joylashgan bo‘lib, tez-tez zilzilalar sodir bo‘lib turadi. Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo viloyatlari seysmik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga kiradi. Shu sababli, O‘zbekistonda zilzilaga chidamli qurilish standartlariga rioya qilish va zamonaviy seysmik texnologiyalarni qo‘llash juda muhim hisoblanadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston hududida eng dahshatli zilzilalardan biri 1902 yil 16 dekabr tonggida Andijon shahrida ro‘y bergan. Birinchi turtkining quvvati 8-9 ball bo‘lgan. 1946 yilning 3 noyabrida sodir bo‘lgan Chotqol zilzilasi esa 9 ball bo‘lgan. 1966 yilning 26 aprelida esa Toshkent zilzilasi kuchi epitsentrda 8 ball bo‘lib, pishiq g‘ishtdan qurilgan binolar ham jiddiy shikastlangan. 1976 yilda sodir bo‘lgan Gazli zilzilasi 9 ball atrofida bo‘lib, xom va pishiq g‘ishtdan tiklangan binolar zilzilaga bardosh bera olmagan.
– Qaysi davlatlar eng yaxshi usullar orqali zilzilabardosh binolar qurib kelmoqda?
– Eng yaxshi usullar orqali zilzilalarga yondashib, binolar qurishda Yaponiya, AQSH, Yangi Zelandiya va Chili davlatlari peshqadamlik qiladi. Bu mamlakatlarda zilzilaga chidamli texnologiyalar, qurilish standartlari va xavfsizlik chora-tadbirlari yuqori darajada rivojlangan. Yaponiyada zilzilaga chidamli binolar qurishda ko‘proq seysmik izolyatorlardan foydalaniladi. Bu qurilmalar binolarning asosiga o‘rnatiladi va zilzila paytida binoga tushadigan seysmik to‘lqinlarni susaytirishga yordam beradi. Chili va Yaponiyada bundan tashqari gibkiy strukturalardan foydalaniladi. Bu binoni zilzila to‘lqinlariga chidamli qilish uchun elastik va mustahkam materiallardir. Mazkur usul qurilishda asosiy texnologiyalardan biri hisoblanadi.

AQSH va Yangi Zelandiyada esa energiya so‘ndiruvchi (damping) tizimlardan foydalaniladi. Bu tizimlar zilzila vaqtida binodagi titrashlarni minimal darajaga keltirishga qaratilgan. Ular prujina va amortizatorlardan iborat bo‘ladi. Shuningdek, ushbu mamlakatlarda zilzilaga chidamli bo‘lish uchun binolar yengil va qattiq materiallardan quriladi. Bunday materiallar konstruksiyaning umumiy vaznini kamaytiradi va titrashlarga chidamliligini oshiradi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yildagi 17 aprelda «Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorning mohiyati haqida to‘xtalsangiz?
– Mazkur qaror zilzilaga chidamli qurilishni rivojlantirish va seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasida ahamiyati yuqori. Jumladan, qurilish standartlarini takomillashtirish yo‘nalishida zilzilaga chidamli qurilish normalari va standartlari yanada mustahkamlandi, bu esa yangi bino va inshootlarning seysmik xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi. Seysmik faol hududlarda qurilishni nazorat qilish yo‘nalishida seysmik xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda qurilish ishlarini qat’iy nazoratga olishni talab qiladi. Bu esa qurilish sifatini va xavfsizligini ta’minlaydi. Tadqiqot va ilmiy ishlar borasida qaror seysmologiya va qurilish sohalarida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Qarorda sohaga oid kadrlar tayyorlash ham nazarda tutilgan. Bu hujjat qurilish sohasidagi mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturlari va seminarlarni tashkil etishni nazarda tutadi. Umuman olganda, mazkur hujjat O‘zbekistonda zilzilaga tayyorgarlik darajasini oshirish, qurilish ishlarining sifatini yaxshilash va aholining xavfsizligini ta’minlashda muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Yuqoridagi malumotlardan ko‘rinib turibdiki bu soxani monitoring qilishga xukumat tomonidan e’tibor zarur edi. Prezidentimiz qarori esa aynan shu muammoga o‘z vaqtida berilgan yechimdir.
– Yuqori balli zilzilalarga bardosh beruvchi binolar qurishning xalqaro standartlari qanday?
– Xalqaro amaliyotda Eurocode 8, ASCE/SEI 7, va ISO 3010 kabi normativlar binoning seysmik himoyasini aniqlash uchun keng qo‘llaniladi. Bu standartlar zilzilaga chidamli qurilish uchun talab qilinadigan barcha me’yoriy parametrlarni, jumladan, dinamik yuklamalarni hisoblash, konstruksiya modifikatsiyasi va materiallar tanlashni qamrab oladi. Bundan tashqari, binoning dinamik yuklamalarga reaksiyasini baholash uchun zamonaviy hisoblash texnologiyalari, jumladan, chekli element metodi (FEM) yordamida modellar tuziladi. Qurilish materiallari masalasida esa xalqaro standartlar yuqori sifatli va chidamli materiallarni tanlashni talab qiladi. Masalan, po‘lat va temir-beton katta dinamik yuklamalarga chidamli bo‘lishi kerak. Eurocode 2 yoki ACI 318 kabi standartlar qurilish materiallarining seysmik sharoitlarda qanday ishlashini aniqlaydi, shuningdek, ularning mustahkamlik va elastiklik xususiyatlarini hisobga oladi.
Seysmik izolyatsiya va demping texnologiyalari ham zilzila kuchlarini kamaytirishning yana bir muhim vositasi hisoblanadi. Bular poydevor va bino o‘rtasidagi energiyani yutib olish mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. Bu texnologiyalar, ayniqsa, yuqori seysmik xavfga ega bo‘lgan hududlarda qo‘llaniladi. Shu bilan birga, poydevor va konstruksiya sxemalari xalqaro standartlar asosida to‘g‘ri hisoblangan bo‘lishi kerak. Binolarning deformatsiyasi va muvozanatligi seysmik kuchlarga nisbatan tekshirilishi va optimallashtirilishi zarur.
– Binolarning zilzilabardoshligini tekshirish jarayoni qanday amalga oshiriladi?
– Binolarning zilzilabardoshligini tekshirish jarayoni bir nechta bosqichlar va texnik tartiblarga asoslanadi. Bu jarayon qurilishning har bir bosqichida binoning mustahkamligini va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, uning asosiy bosqichlari bor. Masalan, seysmik xavf tahlili. Bunda loyihalashning ilk bosqichida quriladigan binoga tegishli hududning geologik va seysmik faolligi tahlil qilinadi, ya’ni qay darajada zilzila sodir bo‘lishi ehtimoli mavjudligi o‘rganiladi. Bu ma’lumotlar asosida qurilish uchun zarur bo‘lgan konstruktiv yechimlar aniqlanadi va tegishli standartlar tanlanadi. Loyihalash va texnik hujjatlarni tayyorlash jarayonida esa binoning konstruksiyasi seysmik yuklamalarga moslab tayyorlanadi. Loyihada poydevor, ustunlar, qavatlar, devorlar kabi konstruktiv elementlar zilzila kuchlariga qanday ta’sir qilishi hisobga olinadi. Eurocode 8, ASCE 7 yoki milliy qurilish normalari (QNQ) asosida yuklamalar hisoblanadi.

Shuningdek, modellashtirish va simulyatsiya qilish jarayoni ham mavjud. Bunda kompyuter modellashtirish texnologiyalari yordamida binoning dinamik xususiyatlari o‘rganiladi. Konstruksiyaning seysmik yuklarga javobi tahlil qilinadi. Qurilish boshlanishi oldidan bino loyihasi texnik ekspertiza va davlat nazorat tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu bosqichda "O‘zseysmoqurilishnazorat" kabi tashkilotlar loyihaning me’yorlarga muvofiqligini, qurilishda ishlatiladigan materiallar va texnologiyalarning xavfsizligini tekshiradi. Agar barcha talablar bajarilgan bo‘lsa, loyihaga ruxsat beriladi. Yana bir bosqich qurilish jarayonini nazorat qilish bo‘lib, bunda doimiy nazorat va tekshiruvlar o‘tkaziladi. Qurilish kompaniyasi tomonidan belgilangan seysmik normalar va standartlarga rioya qilinayotgani kuzatiladi. Seysmik sinovlar va inspeksiyalar jarayonida esa qurilish tugallangach, bino maxsus seysmik sinovlardan o‘tkaziladi. Maxsus uskunalar yordamida binoning turli konstruktiv elementlariga sun’iy zilzila yuklamalari beriladi va binoning chidamliligi tekshiriladi.
Bu o‘rinda binoni qabul qilish va sertifikatlash jarayoni ham mavjud. Bunda seysmik sinovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan so‘ng, bino davlat inspeksiyalari tomonidan qabul qilinadi. Bu bosqichda bino to‘liq ekspluatatsiyaga tayyor ekanligi va barcha me’yorlar va standartlarga javob berishini tasdiqlovchi sertifikatlar beriladi. Eng muhim bosqich esa mas’uliyat va kafolatdir. Agar qurilish jarayonida yoki keyingi ekspluatatsiya davrida binoning zilzilabardoshligi talablarga javob bermasligi aniqlansa, javobgar tashkilotlar qonunchilik asosida javobgarlikka tortiladi.
– Yurtimizda yangi qurilayotgan binolarning zilzilabardoshligini qanday baholaysiz? Bu qaysi tashkilotlar tomonidan tartibga solinadi va javob bermaganlari qay tartibda bartaraf etiladi?
– Yurtimizda yangi qurilayotgan binolarning zilzilabardoshligi qurilish jarayonidagi bir nechta muhim bosqichlarda norma bo‘yicha loyihalanadi va quriladi. Zilzilabardoshlik qurilishning turli bosqichlarida, ya’ni loyihalash, material tanlash, poydevor qurish va yakuniy tekshiruvlarda baholanadi. Birinchi navbatda yurtimizdagi barcha qurilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshirilishi talab qilinadi. Masalan, seysmik hududlarda qurilish normalariga rioya qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar barcha yangi binolarning seysmik talablarga javob berishini ta’minlaydi.
Shuningdek, Prezident farmonlarida qurilish kompaniyalari va loyihachilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar, shu jumladan, javobgarlik masalalari aniq belgilab qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining qarorlari esa seysmik xavfi yuqori bo‘lgan hududlardagi qurilish ob’ektlarini nazorat qilish va ularning seysmik me’yorlarga mosligini baholashga yo‘naltirilgan. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yilda qabul qilingan 713-sonli “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori bu sohadagi barcha me’yoriy talablarni aniq belgilab beradi. Bu masala Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Davlat arxitektura-qurilish nazorati hamda Qurilish me’yorlari va qoidalari (QMQ) asosida boshqa mahalliy tashkilotlar tomonidan tartibga solinar ekan, qurilishning barcha bosqichlarida nazorat ta’minlanadi. Bunday tashkilotlar loyihalashdan boshlab binoni qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning standartlarga mosligini tekshirib, zarur litsenziya va ruxsatnomalarni beradi.
Agar qurilish jarayonida muayyan tashkilotlar tomonidan javobgarliklar bajarilmagan yoki me’yorlarga rioya qilinmagan bo‘lsa, huquqiy nazorat tartiblari qo‘llaniladi. Bunday hollarda davlat nazorat organlari, jumladan, Davlat arxitektura-qurilish nazorati tomonidan tekshiruvlar olib boriladi va javob bermagan holatlar huquqiy yo‘llar orqali bartaraf etiladi. Maqsadga muvofiq kelmagan binolarga nisbatan tugatish choralari qo‘llanilishi yoki qurilish ishlarini to‘xtatish kabi choralar ko‘riladi.
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi, O‘zA