Yangi qonun – yangi tartiblar
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda farmatsevtika faoliyatining huquqiy asoslari va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda farmatsevtika faoliyatining huquqiy asoslari va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida seminar o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini o‘rganish va uning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi tibbiy muassasalar, dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar mas’ul xodimlari, farmatsevtlar ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Yo.Umarov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot tizimini isloh etish, aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bilan birga, aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash borasida davlatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bugungi kun talabi va xalqaro me’yorlardan kelib chiqib, yangi tahrirda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonun sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
– Bugun mamlakatimizda 7 ming 228 nomdagi dori vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i M.Ibrohimova. – Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 150 ga yaqin farmatsevtika korxonasi tomonidan 1,5 ming nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Yangi tahrirdagi qonunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qator yengilliklar berilgan.
Seminarda deputatlar va mutasaddi idoralar vakillari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.