Yangi qonun: soliq imtiyozlari kreativ loyihalar uchun qanday afzallik beradi?
Kreativ industriya iqtisodiyotning yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan va intellektual salohiyatga tayanadigan muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. 2026-yil 7-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazkur sohani yanada rivojlantirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda kreativ biznesni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu qonunning mazmun-mohiyati va unda belgilangan yangi imkoniyatlar haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Fazliddin O‘ktamov O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan huquqiy baza yanada takomillashtirildi. 2026-yil 7-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1157-sonli qonun kreativ industriya sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, ijodkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur qonun kreativ industriyaning barqaror rivojlanishini ta’minlash, soha sub’ektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni kengaytirish hamda ijodiy g‘oyalarni iqtisodiy qiymatga aylantirishga qaratilgan. Shuningdek, u xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatning kreativ iqtisodiyot sohasidagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun bilan Soliq kodeksi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunlarga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu o‘zgarishlar kreativ biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishtirokchilarni sohaga jalb qilish va xalqaro hamkorlik uchun yanada qulay huquqiy muhit yaratishni nazarda tutadi.
Eng muhim yangiliklardan biri kreativ loyihalarda ishtirok etadigan xorijiy kontragentlar uchun soliq imtiyozlarining joriy etilishidir. Qonunga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan xorijiy kontragentlar qo‘shilgan qiymat solig‘i, to‘lov manbaida undiriladigan foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Mazkur imtiyoz xorijiy mutaxassislar kreativ industriya sohasi bilan bevosita bog‘liq ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish uchun jalb etilgan hollarda qo‘llaniladi. Bu esa kreativ loyihalarga xalqaro tajriba, ilg‘or bilim va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qonunning yana bir muhim yangiligi yangi tashkil etilgan kreativ industriya sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, Kreativ industriya parki rezidenti bo‘lish uchun sub’ektning kreativ faoliyatdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etishi talab qilinar edi. Endi esa yangi tashkil etilgan yoki davlat ro‘yxatidan yangi o‘tkazilgan sub’ektlarni park rezidentligiga qabul qilishda mazkur talab dastlab inobatga olinmaydi.
Bu yangi kreativ bizneslarga faoliyatining ilk bosqichida imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi va ularning bozorga kirishini yengillashtiradi. Ayni paytda qonun moliyaviy intizomni ham saqlab qoladi. Agar moliya yili yakunida belgilangan talablar bajarilmasa, foydalanilgan imtiyozlar amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq qayta hisoblanadi va byudjetga undiriladi.
Qonun bilan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga ham muhim o‘zgartish kiritildi. Endi madaniyat va san’at sohasidagi xalqaro hamda davlatlararo darajadagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirish mumkin. Bu xalqaro festivallar, forumlar, ko‘rgazmalar va boshqa madaniy tadbirlarni tezkor hamda samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
Umuman olganda, yangi qonun kreativ industriya uchun yanada qulay huquqiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. U xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy mutaxassislar va xizmatlarni jalb qilish, yangi kreativ bizneslarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy mahsulot va xizmatlarning iqtisodiy qiymatini oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro madaniy maydondagi nufuzini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Shu bilan birga, qonunda nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklardan samarali foydalanish soha ishtirokchilaridan belgilangan talablarga rioya qilish, shaffof hisob yuritish va moliyaviy intizomni ta’minlashni ham talab etadi. Mazkur o‘zgartishlar kreativ iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatda zamonaviy kreativ ekotizimni shakllantirish yo‘lidagi muhim huquqiy qadam hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.