Yangi O‘zbekistonni birga quramiz
Buxoroda viloyat hokimligi, DXX, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Yangi O‘zbekiston kelajagini birgalikda quramiz” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Buxoro Olimpiya zaxiralari sport maktabida taniqli san’at ustalari ishtirokida futbol shousi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng Yoshlar markazi oldida strit vorkaut, shaxmat musobaqalari bo‘lib o‘tdi. “Tinchlik ulug‘ ne’mat” mavzusida rasm chizish tanlovi ham tashkil etilib, unda yoshlar o‘zlarining Vatanga bo‘lgan muhabbatini ifoda etdi.
Kogon va Buxoro shahri, Kogon, Qorovulbozor tumani yoshlari orasida DXX Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun mintaqaviy futbol tadbiri o‘tkazildi.
Tashkilotchilar tomonidan 2-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktabida voleybol, basketbol, kurash sport turlari bo‘yicha uyushmagan yoshlar orasida musobaqalar tashkillashtirildi.
[gallery-5857]
Shofirkon tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabida mini futbol va 1-sonli umumta’lim maktabida voleybol, 54-sonli umumta’lim maktabda stol tennisi bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Buxoro tumanidagi Rabotiqalmok, Istiqbol mahallalarida mini futbol va Ko‘chko‘mar mahallasida uyushmagan yoshlar o‘rtasida voleybol musobaqalari ham o‘tkazildi.
Olot va Qorako‘l tumanlarida esa hokim va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Qorako‘l tumanining Solur, Sayot va Alikaxo‘ja mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida yurish marafoni o‘zgacha ruhda o‘tdi.
Peshku tumani Qoraqalpoq mahalla fuqarolar yig‘inidagi 17-son umumta’lim maktabidagi shaxmat musobaqasida yoshlar g‘oliblik uchun dona surdi.
Festival davomida konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbir davomida sport musobaqalarida faol ishtirok etgan yoshlar taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA