Yangi O‘zbekiston yoshlari parvozga shay
Toshkent, Xiva, Nukus va Namangan shaharlaridagi Prezident maktablarining 96 nafar bitiruvchisi katta hayotga qadam qo‘ydi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahridagi Prezident maktabiga barcha viloyatlardagi Prezident maktablarining ilk bitiruvchilari taklif qilinib, ularga tantanali tarzda attestatlar topshirildi, iqtidorli o‘quvchilar faxriy yorliq hamda sertifikatlar bilan taqdirlandi.
O‘zA muxbiri tadbirda qatnashib, ayrim ishtirokchilarning taassurotlari bilan qiziqdi.
Stiv King, “Kambridge assessment” tashkiloti bosh maslahatchisi:

– 2019 yildan buyon ta’lim olayotgan o‘quvchilarni O‘zbekistonning yangi tarixini yaratuvchi yoshlar, deya olamiz. Ular ilk marotaba xalqaro Kambridge imtihonlarini topshirishdi. Global pandemiya ta’siriga qaramasdan, ushbu imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishdi. Ularning mashaqqatli mehnati natijasini bugun ko‘plab xalqaro ta’lim tashkilotlaridan tushayotgan takliflardan ham ko‘rishimiz mumkin. Mamlakat rivoji ko‘p jihatdan iste’dodli bolalarni tanlash, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish, qobiliyatini o‘stirish, intellektual salohiyatini namoyon qilishga ko‘mak bera oladigan ta’lim tizimini yaratishga bog‘liq.
Zulfiya Usmonova, Toshkent shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi:

– Prezident maktabiga o‘qishga kirishimdan avval umumta’lim maktabida tahsil olganman. Bu maktabda o‘qish chog‘ida ikki maktab o‘rtasida katta farqni his qildim. Menimcha, asosiy farqli jihatlardan biri, ilmga chanqoq, siz bilan raqobatlasha oladigan sinfdoshlarning mavjudligi. Chunki umumta’lim maktablarida o‘quvchilar bor e’tiborini o‘qishga, ilm olishga qaratishmaydi. Prezident maktabida esa o‘quvchilarning asosiy e’tibori, maqsadi faqat bilim olishga qaratilgan. Shuningdek, bu maktabda chet ellik o‘qituvchilar ham dars beradi. Prezident maktabiga kirganimdan so‘ng dunyoqarashim o‘zgardi, o‘zimga bo‘lgan ishonch ortib, qo‘limdan ko‘p narsa kela olishiga ishondim. Maktabda o‘qish davrimda sinfdoshlarim bilan guruh tashkil qilib, imkoniyati cheklangan aholi vakillari uchun “Imkoniyat” nomli ilova yaratdik. Bu mobil ilova orqali, imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlariga kerakli tavsiyalarni, turli tanlov va aksiyalar haqida ma’lumot olishi mumkin. Sinovda yuqori ball olgan bo‘lsam-da, chet el oliy o‘quv yurtlarini tanlamadim. Mamlakatimizdagi OTMlardan birida o‘qib, kelajakda yurtimizda ta’lim-tarbiya rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
Nurbek Yo‘ldoshev, Nukus shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi:
– Bugun men uchun unutilmas kun. Sababi, nufuzli Prezident maktabining ilk bitiruvchilaridan biriman. Bugun barchamiz bir yerga jam bo‘ldik, biz uchun maxsus tantanali kecha tashkil qilindi. O‘tgan ikki yillik o‘qish jarayoni juda qiziq va sinovlarga boy tarzda o‘tdi. Eng asosiysi, bu maktablardan xalqaro ta’lim talablariga javob bera oladigan o‘quvchilar yetishib chiqdi. Men bu maktabda o‘qiganimdan faxrlanaman. Hozir 12 ta xalqaro oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilindim. Bulardan bir qanchasi Top-500 talikka kiradi. Arizona universiteti, Arigon shtati universiteti shular jumlasidandir. Kelajakda Arizona universitetining iqtisod yo‘nalishida tahsil olmoqchiman. Mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shib, yanada taraqqiy etishiga ko‘maklashaman.
Barchinoy Ibodullayeva, Xiva shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi:
– Bu maktabga kirishimdan avval Xiva shahridagi 17- sonli ayrim fanlar chuqurlashtirilib o‘rgatiladigan maktabda tahsil olganman. U yerda olgan bilimlarim bu maktabda o‘qishimda katta ko‘mak berdi. Prezident maktabida yaratilgan imkoniyatlar cheksiz. Biz bu maktabda Kembridj ta’lim tizimida tahsil olamiz va STEM fanlardan chet ellik mutaxassislar dars berishadi. Darslarning aksariyat qismi ingliz tilida olib boriladi. Maktabda ilm-fanga tashna yoshlar jamlanib, yaxshi muhit shakllangan. Bitta sinfda 12 ta o‘quvchining o‘qishi ham o‘qituvchilarning har birimiz bilan individual shug‘ullanishiga imkon beradi. Maktabda o‘qish davrimda poytaxtimizdagi “Akfa Medline” universiteti tomonidan matematika fanidan o‘tkazilgan olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, muddatidan avval ushbu universitetga talabalikka qabul qilindim. Boshqa sinfdoshlarimdan farqli ravishda xalqaro universitetlarni emas, mamlakatimizdagi oliygohlardan birini tanlab, yetuk shifokor bo‘lmoqchiman. Kelajakda o‘z kasbim orqali muvaffaqiyatlarga erishsam va xalqimga o‘z foydam tegsa, kimningdir dardini yengillashtirishga o‘z hissamni qo‘sha olsam, men o‘z maqsadimga yetgan bo‘laman.
Tadbir yakunida bitiruvchilar uchun madaniy-ma’rifiy ko‘ngilochar dasturlar va musiqiy kecha tashkil qilindi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA