“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” mavzusida festival bo‘lib o‘tdi.
Yurtimiz yoshlariga davlatimiz tomonidan barcha imkoniyat, shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ularning bilimdon, o‘z iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishi, turli jabhalarda faoliyat olib borishi uchun manzilli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada Davlat dasturi qabul qilindi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilayotgan har bir videoselektor yig‘ilishlari va viloyatlarga tashrifi chog‘ida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida alohida topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olinmoqda.
Shu bilan birga turli festival va musobaqalar o‘tkazilib, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Festival doirasida o‘nga yaqin sport turlaridan musobaqalar, kitobxonlik viktorinasi, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida tanlovlar tashkil etildi.
Sportning mini futbol turidan “DXX kubogi” tuman bosqichi qizg‘in bahslar asosida o‘tdi. Murosasiz kechgan o‘yinlarda “Mustaqillik” MFY jamoasi faxrli birinchi, “Do‘stlik” MFY jamoasi ikkinchi, “Do‘stlik-2” MFY jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi.
"Har bir tadbirkor bir yoshga madadkor" shiori ostida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida esa 150 dan ziyod yosh ishtirok etdi.

Shuningdek, tuman korxona va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar o‘rtasida "Oshga marhamat" tanlovi o‘tkazildi. Unda faxrli birinchi o‘rinni 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 20 nafar yoshga tikuv mashinasi, pishiriqlar pishirishga mo‘ljallangan pech va uskunalar taqdim qilindi.
Bu kabi maishiy texnika jihozlari “Yoshlar daftari”da turgan yoshlarga “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan bepul topshirildi.

Festival doirasida o‘tkazilgan loyihalarda faol ishtirok etgan yoshlar tuman hokimi Soli Hamroyev tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA