Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari himoyasi
Har qanday mamlakatning demokratik va insonparvarlik xususiyatlaridan biri – insonga bo‘lgan munosabat, inson huquqi va erkinliklari qanday himoya qilinayotganligi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham ko‘pgina mamlakatlar tarixiy rivojlanish jarayonida inson huquqlariga oid o‘z qonunlar tizimini yaratgan.
Ma’lumki, «Yangi O‘zbekiston» degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda. Buning asosini 1992 yil 8 dekabrda sobiq ittifoq respublikalari ichida birinchi bo‘lib qabul qilingan, inson huquqlari va erkinliklari kafolati hisoblangan Konstitutsiyamiz tashkil qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim”.
bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Ushbu jarayonda ta’lim olish huquqi juda katta ahamiyat kasb etadi. Jamiyatni modernizatsiya qilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, kelajagi buyuk davlatni barpo etish, birinchi navbatda, ta’lim olish huquqiga bo‘lgan munosabatga bog‘liqdir. 2020 yilning 23 sentyabrida 75-moddadan iborat yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. E’tiborli jihati shundaki, qonunga inklyuziv ta’lim tushunchasi ham singdirildi. Bu esa, har bir bolaning ta’lim olishdagi teng huquqliligini ta’minlash, har qanday diskriminatsiya va kamsitishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatish, har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashda mazkur qonun asosiy rol o‘ynaydi.
Konstitutsiyamizning 50-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”, 55-moddada “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” deb belgilangan.
So‘nggi yillarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan muhim tashkiliy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy chora tadbirlar amalga oshirildi. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham global iqlim o‘zgarishi va Orol muammosiga e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida: “ Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa, Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi”, deb aytgan fikrlari hayotda o‘z ifodasini topdi. 2021 yilning 18 mayida BMTning “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida maxsus Rezolyutsiya”ni qabul qildi. Ushbu tarixiy hujjat nafaqat O‘zbekiston, balki Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan qo‘shni mamlakatlarimiz taqdiri uchun ham daxldor hujjat bo‘ldi. Bunday tadbirlarning barchasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi normalarining amaldagi tatbig‘idir.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Bu bir tomondan O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri ekanligi, ikkinchi tomondan, ajdodlar an’analariga sodiqlik, ya’ni xalqlar, davlatlar, millatlar, dinlar o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi faolligi bilan belgilanadi. Bularning barchasi istiqlol va Konstitutsiya ne’matidir.
2008 yilning 17 aprelida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan edi. 2020 yilning 17 avgustida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatning o‘z vaqtida qabul qilinganligi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bularning asosini inson huquqlari kafolati hisoblangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug‘vor maqsad shakllandi va «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga faol kirib bormoqda. Ushbu buyuk maqsadlarga erishishda inson huquqlari himoyasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Abira Huseynova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
Buxoro davlat universiteti professori, falsafa fanlari doktori