Yangi O‘zbekiston – shunchaki havas emas
Munosabat
Davrning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizning yaratuvchanlik, bunyodkorlik shijoati, keng ko‘lamdagi islohotlarning yorqin ifodasi. Mazkur ta’rif bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi boshlanadi.
Inson doimo orzu-havas bilan yashaydi: yaxshi daromad, to‘kis oila, aqlli farzandlarni tarbiyalash, yaxshi kiyinish, farovon turmush, munosib kasb-u kor, mavqe, daraja, uy-joy, mashina va hokazo. Kishilik jamiyati esa har doim tinch-xotirjam, baquvvat va mustahkam davlatda yashash ilinjida bo‘ladi. Ezgulik va insonparvarlik g‘oyalarini himoyalashni o‘zining hayotiy a’moliga, mentaliteti va ma’naviyatining mohiyatiga aylantirgan xalqimiz uchun Yangi O‘zbekistonni barpo etish davrlardan sayqal topib kelayotgan azaliy orzudir. Aslida shu orzu millatning eng yetuk, eng dono, ma’rifatparvar va elparvar vakillarini tarbiyalashga turtki bo‘lgan, Qadim Turon tuprog‘ida voyaga yetgan sak-massagetlarni ruhlantirgan To‘marisga kuch, Shiroqqa shijoat va ishonch Spitamenni yengilmas Aleksandr Makedonskiyga qarshi kurashga chorlagan shu orzu edi.
Birinchi Renessans yoki o‘rta asr Ma’rifiy uyg‘onishga asos bo‘lib Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy kabi mutafakkirlarni voyaga yetkazib, dunyo tamaddunidan munosib joy bergan ham shu azaliy orzu emasmi?! El-ulusning yaxshi niyati, orzusi ulug‘ avliyolar Aziziddin Nasafiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Zangi ota, Bohouddin Naqshband, Xoja Ahrori Valiyni tarbiyalashga asos bo‘ldi, ularni kamolotga yetkazdi. Buyuk Sohibqiron Amir Temurni dunyo sahnasiga yetaklab, Ikkinchi uyg‘onish davriga asos solgan, qudratli davlat barpo etib iqtisodiyot, san’at, madaniyat, ilm-fanni rivojlantirgan kuch ham shu orzu edi.
Ikkinchi uyg‘onish davrining namoyandalari Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z asarlarida adolatli shoh, odil jamiyat, saxovatpeshalik va komil inson g‘oyalarini targ‘ib etdi. Qadimiy kitob “Avesto”da “Ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal” tamoyili mavjud. Ayni shu tamoyilga asoslanib ulug‘ ma’rifatparvarlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori, Cho‘lpon va Fitrat, Usmon Nosir va Abdulla Qodiriylar ulkan ma’naviy yuksalishni amalga oshirib, milliy ozodlik va hurlik g‘oyalarini keng ko‘lamda targ‘ib etgan.
Yangi O‘zbekiston strategiyasi barchadan fidoyilik va bunyodkorlikni talab etadi. Insonlarning huquq hamda erkinligini ta’minlash, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yetarlicha sharoit yaratish, tinchlik va barqarorlik, osuda va farovon hayotni ta’minlash, ilm-ma’rifat va innovatsiya orqali jadal islohotlarni amalga oshirish, kreativ fikrlovchi, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarni tarbiyalash, ta’limning barcha bo‘g‘inlarini izchil isloh etish, millatlararo totuvlikni barqarorlashtirish, milliy manfaatlar ustuvorligida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishdek ulug‘vor, zalvorli maqsadni oldimizga qo‘ymoqda.
Eng muhimi barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy qarashlarga asoslangan yangi jamiyatni barpo etish g‘oyasi aholining barcha qatlami tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Aslida xalqimizning ahilligi, o‘zaro jipsligi O‘zbekistonni erkin va baxtli odamlar yashaydigan qudratli davlatga aylantirishning asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Nodir G‘afforov,
O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti o‘zbek tili va adabiyoti
kafedrasi mudiri f.f.n. dotsent