Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlar kunining belgilanishi yana bir xayrli an’anani boshlab berdi. Biznes va ishbilarmon doiralar vakillari ushbu sanani nafaqat kasbiy bayram sifatida balki, davlatimiz rahbari bilan bevosita muloqot imkoniyati yaratilgani uchun ham qadrlamoqda.
Chunki bu muloqot chog‘ida bir yillik ishlar natijalari sarhisob qilinadi, eng ilg‘or biznes vakillari aynan shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng muhimi, mulkdorlar sinfi vakillarining kundalik faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb masalalar muhokama qilinib, ularga birgalikda yechim topiladi.
Joriy yil tadbirkorlar kuni munosabati bilan el-yurt ravnaqi yo‘lidagi, qo‘lga kiritayotgan yuksak natijalari uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ko‘lami kengaymoqda. Joriy yilgi muloqot arafasida Prezidentga tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Tadbirkorlar ko‘targan asosiy masalalar – kredit va moliyaviy yordamni kengaytirish (jami murojaatlarning 26 foizi), biznesni joy va infratuzilma bilan ta’minlash (21 foiz), soliq tizimini soddalashtirish (10 foiz), tekshirishlar va ortiqcha byurokratiyani keskin qisqartirish (8 foiz) bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, oldingi ochiq muloqotlarga tayyorgarlik davomida ko‘tarilgan masalalarning 80 foizi individual xususiyatga ega bo‘lib, ko‘plari joyida hal qilingan. Bu safar 70 foiz tadbirkorlar tizimli muammolarni yechimlari bilan taklif qilmoqda.
Bu haqida aytib o‘tar ekan, davlatimiz rahbari: “Tadbirkorlarimiz faqat o‘ziga emas, butun sohaga naf keltiradigan masalalarni ko‘tarayotgani quvonarli”, – deya ta’kidlab o‘tdi.
Ochiq muloqot chog‘ida nafaqat tadbirkorlar, balki endi o‘z biznesini boshlash ishtiyoqida bo‘lgan yigit-qizlarimiz kutayotgan ko‘plab yangiliklar aytib o‘tildi. Tadbirkorlarga berilayotgan qo‘shimcha imtiyozlar, ulardan kutilayotgan samarali natijalarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, kichik tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi. Bunda, ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit ekotizim yaratiladi. Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi.
“Kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi. Qayd etilishicha, hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, kichik biznes loyihaning 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki” (avvalgi “Qishloq qurilish bank”)ning o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.
Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning 150 million dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1 oktyabrdan ochiladi.
Loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi. Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yig‘ilishda yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot olib kirish masalasiga to‘xtaldi. “Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Bizning “neftimiz” ham, “gazimiz” ham bu – siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xomashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, – dedi davlatimiz rahbari.
Ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi joriy yilda ham davom ettiriladi va dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga yetkaziladi. Ularuchun dasturdagi barcha imtiyozlar davom ettiriladi.
Ochiq muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari e’lon qilgan bu kabi imtiyozlar, yaratilayotgan sharoitlar yurtimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga juda katta turtki bo‘ladi.
Sherzod MAMATQULOV
O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari
O‘zA