Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallalar ko‘paymoqda
Mamlakatimizda mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, aholi uchun qulay infratuzilmani yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli davom etmoqda. Xususan, Nurafshon shahridagi Nurafshon mahallasida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari yakunlanib, yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Ushbu mahallaning tantanali ochilish marosimida viloyat va tuman mutasaddi rahbarlari, mahalla faollari, deputatlar, nuroniy otaxonu-onaxonlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur hududda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida mahalla yangicha qiyofa aks etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur sa’y-harakatlar tufayli bolalarning maktabgacha ta’lim qamrovi sezilarli darajada oshib, mahallada yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, mahalla binosi hududida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport turlariga keng jalb qilish maqsadida “Workout” maydoni qurildi. Buning uchun 210 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu maydoncha yoshlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, ularning jismoniy rivojlanishi va salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

— Mahalla iqtisodiyotini mustahkamlash va aholi bandligini ta’minlashda muhim ishlar amalga oshirildi, — deydi Nurafshon shahar hokimi Ilhom Qlichxanov.— Jumladan, “Rodian Texstil” loyihasi 600 ta yangi ish o‘rnini yaratish orqali mahallada ishsizlikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ta’lim sohasida ham bu mahallada 12-sonli va 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 9- umumta’lim maktabida rekonstruksiya ishlari “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida jami 3 milliard 400 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirildi. Bu orqali bolalarimiz uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz ta’lim sharoitlari yaratildi.

Bundan tashqari, hududdagi zovur tozalandi va atrofi tekislandi. Joylarda 700 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi hamda ushbu ekin maydonlari aholiga foydalanish uchun biriktirib berildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozir Nurafshon shahrida doimiy aholi soni 58,8 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Hududda 16 ta mahalla mavjud bo‘lib, jami 12 ming 688 ta xonadon va 16 ming 391 ta oila istiqomat qiladi. Yil sayin Nurafshon shahri zamonaviy infratuzilma, innovatsion yondashuvlar va barqaror iqtisodiy o‘sish asosida rivojlanib, aholiga qulay va sifatli hayot muhitini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar markaziga aylanib bormoqda.
A. Musayev, O‘zA