“Yangi O‘zbekiston navolari” konsert dasturi namoyish etildi
«Turkiston» san’at saroyida Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli tomonidan “Yangi O‘zbekiston navolari” nomli konsert dasturi muxlislar e’tiboriga taqdim etildi.
O‘zbek milliy maqom san’ati markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu konsertdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda milliy madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan maqom san’atini rivojlantirish va keng ommaga targ‘ib qilishdan iborat edi.

Ushbu konsert dasturi milliy merosimizning eng yaxshi namunalarini zamonaviy ijro usullari bilan uyg‘unlashtirgan holda maqom san’atining boy an’analarini taqdim etdi.
Ma’lumki, maqom san’ati o‘zining chuqur ma’no-mazmuni, murakkab kuy tizimi va she’riyati bilan xalqimizning madaniy-musiqiy merosida alohida o‘rin egallaydi. Ushbu san’at xalqimizning o‘tmishdagi yuksak ma’naviy olamini aks ettirishi bilan diqqatga sazovor.

“Yangi O‘zbekiston navolari” konsert dasturi yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash orqali milliy san’atimizning davomiyligini ta’minlash, yurtimizda maqom san’atini targ‘ib qilish va keng ommaga tanishtirish, xalqimizning qadimiy musiqa an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

– Maqom – bebaho san’at, – dedi O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov. – U inson ruhiyatini poklaydi, g‘uborlardan holi etadi. Keyingi yillarda milliy maqom san’atini rivojlantirish yo‘lidagi e’tibor natijasida ushbu san’at bo‘yicha xalqaro festival muntazam o‘tkazilmoqda. Bu yil Zominda bo‘lib o‘tgan xalqaro maqom san’ati festivalida dunyoning 80 dan ortiq davlatidan ishtirokchilar qatnashgani maqom san’atining nechog‘li ulug‘vorligini ko‘rsatadi. Ayrim qo‘shiqlar yaratilganidan keyin uch oyda yo‘q bo‘lib ketyapti. Lekin maqom asrlar osha yangramoqda. Uni odamlar necha yillardan buyon tinglamoqda. Maqomda kuch, ilohiylik bor.

Tadbir davomida maqom yo‘llari va xalq musiqasi namunalarining nafis ijrosi, mumtoz she’riyat va musiqa uyg‘unligida yaratilgan yangi asarlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Go‘zal raqslar, nafis she’riyat, mumtoz kuy-qo‘shiqlar san’at ixlosmandlariga g‘oyat manzur bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri