Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi
Buxoroda Ustozlar milliy forumi
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ta’lim-tarbiya sifatini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish, xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarni samarali joriy qilish maqsadida davlat rahbari tashabbusi bilan Ustozlar milliy forumi tashkil etilishi an’anaga aylangan.

Buxoro viloyatida ham “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostidagi Uchinchi ustozlar milliy forumiga start berildi.
Forumning yalpi yig‘ilishida viloyat hokimligi hamda sektorlar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, hamkor tashkilotlar va 300 nafardan ortiq pedagog qatnashdi.
Tadbir avvalida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov tugallangan 2023-2024-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Aytish joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida 2023-2024-o‘quv yilida viloyat maktabgacha ta’lim tizimida ham samarali ishlar amalga oshirildi.

Viloyatda 2 118 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularning 488 tasi davlat, 108 tasi davlat- xususiy sheriklik, 21 tasi xususiy va 1 501 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib bormoqda. Mazkur muassasalarga 131 620 nafar 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan bo‘lib, bu viloyatda mavjud maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning 85 foizini tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga o‘sgan.
Birgina mazkur o‘quv yilida viloyatda 2 ta davlat va 78 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilgan bo‘lsa, 278 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining bo‘sh binolarida 347 ta bepul majburiy bir yillik tayyorlov guruhlari tashkil etilib, 8695 nafar bola jalb qilindi. Natijada ushbu o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan 34 769 nafar (95 foiz) 6 yoshli bolani maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishga erishildi.

Shuningdek, maktabgacha ta’limga qamrovini oshirish maqsadida 2023 yilda davlat dasturlari asosida 7 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 23.5 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, buning natijasida qo‘shimcha 1090 ta tarbiyalanuvchi o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’limning muqobil shakllari asosida “Isuzu” avtobuslarida ichida maxsus dastur bilan jihozlangan “Aqlvoy” mobil maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan Qorako‘l, Olot, Kogon, Peshko‘ va Jondor tumanlarining to‘qqizta mahallasida 3-7 yoshdagi 239 nafar bola maktabgacha ta’limga qamrab olindi.
Umumta’lim maktablarida ham yakunlangan o‘quv yilida o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatda 548 ta davlat umumta’lim va 28 ta xususiy maktablar mavjud bo‘lib, ularda 31 ming nafar pedagog xodim 330 ming nafardan ortiq o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning infratuzilmasini yaxshilash, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun shart-sharoit yaratish maqsadida joriy yilda investisiya dasturi doirasida viloyatda 39 ta maktabda, shundan 34 tasida rekonstruksiya, 4 tasida mukammal ta’mirlash va 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati qurish ishlariga 238,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, yangi o‘quv yili boshlangunga qadar qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, ta’lim ob’ektlarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2024 yilning o‘tgan davrida umumta’lim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, jihozlash, yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida viloyat mahalliy byudjetidan 109,8 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 75 ta ta’lim muassasalari loyihalari g‘olib deb topildi.
Ta’lim sifatini oshirish pedagog kadrlarning sifat tarkibi, muallimning kasbiy mahoratiga bog‘liq. So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli so‘nggi bir yilda malaka toifasiga ega o‘qituvchilar soni 20 mingdan 23 mingga, ya’ni 74 foizga yoki umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi 43 foizdan 47 foizga oshganligini kuzatish mumkin. Birgina 2024 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyati 62,5 foizlik o‘rtacha natija bilan respublikada peshqadam hisoblandi. Shuningdek, yangi tartibdagi ommalashtirish platformasi orqali 370 nafar o‘qituvchining ish tajribasi tuman, 115 nafar o‘qituvchining ish tajribasi viloyat, 14 nafar o‘qituvchining ish tajribasi respublika miqyosida ommalashtirildi.
2024 yilda iqtidorli o‘quvchilarning respublika va xalqaro fan olimpiadalaridagi natijalari ham salmoqli bo‘ldi. Xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarimiz 3 ta oltin, 7 ta kumush va 12 ta bronza, jami 22 ta medalni qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi shundaki, xalqaro olimpiada ko‘rsatkichini o‘tgan yillarga nisbatan qiyoslaganda ham sifat jihatdan, ham son jihatdan samarali natijalarga erishildi.
Tugallangan o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 11-sinfini 21 ming 860 nafar yigit-qiz bitirdi. Bitiruvchilarning 729 nafari maktabni oltin, 132 nafari esa kumush medallar bilan tamomladi. Umumta’lim maktablari joriy yil bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirishi bo‘yicha Bilim va ko‘nikmalarni baholash agentligi tahlillarining dastlabki natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyati o‘rtacha ballar samaradorligi bo‘yicha 89,1 ball bilan respublikada yetakchilikni saqlab turibdi.
Forum jarayonida Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda maktabdan tashqari ta’lim tizimlarida ham salmoqli natijalarga erishilganligi alohida e’tirof etib o‘tildi.
–Qo‘lga kiritilgan yutuqlar, albatta, bizga yangicha kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yangi marralar sari ruhlantiradi,–dedi boshqarma boshlig‘i F.Qurbonov. –Boshlanayotgan 2024-2025-o‘quv yilida tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish borasida aniq maqsadlarni ko‘zlaganmiz. Berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar qamrovini 90 foizga yetkazish, oliy toifali o‘qituvchilar ulushini 20 foizga, umumta’lim maktablarida birinchi toifali o‘qituvchilar ulushini 35 foizga yetkazish, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichini esa 60 foizga oshirish, “Zamonaviy maktab” maqomini olgan maktablar sonini esa 300 taga yetkazish rejalashtirilgan.
F.Qurbonov yangi o‘quv yilida ko‘zda tutilgan aniq maqsad va qilinishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga birma-bir to‘xtalar ekan, bu yo‘lda barcha pedagoglarni yakdillikka, faollikka chorladi.
Yalpi yig‘ilish yakunida ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri