Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt
Mazkur shior ostida Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida poytaxtlik targ‘ibotchilar ishtirokida badiiy kecha tashkil etildi.
Tadbir avvalida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Xodjimatov va tuman rahbari Behzodjon Yusupov tuman ahlini bayram bilan qutladi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning barchasi xalq manfaatiga xizmat qilishi ta’kidlandi.


“Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘langan” nomli shiorlar bilan bezatilgan maydon uzra o‘zgacha shukuh, shodumonlik va ko‘tarinkilik hukmron bo‘ldi. Mustaqil O‘zbekistonimizning bayroqlari hilpiradi. Tadbir davomida elimiz ardog‘idagi xushovoz xonandalar, madaniyat vakillari, qiziqchi, aktyor va aktrisalarning chiqishlarini qatnashchilar gulduros qarsaklar qarshi oldi. Dilrabo kuy-qo‘shiqlar raqslarga ulandi.
– Taniqli san’atkorlarning chiqishlari, kuy-qo‘shiqlar barcha-barchasi juda maroqli bo‘ldi, – deydi Qarshi tumanilik Murod Xonimqulov. – Men tumanning chekka qishlog‘ida turaman va bugungi tadbirga tashrif buyurgan el ardog‘idagi ijodkorlarni rosti telekanallar orqali ko‘rganman. Ular bilan yuzma-yuz uchrashdik, san’at namunalarini jonli tingladik. Tadbir tashkilotchilaridan minnatdorman.
Targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.


O‘lmas Barotov, O‘zA.